Prezident Shavkat Mirziyoyev huzurida mashinasozlik sanoatida amalga oshirilayotgan ishlar va 2022 yildagi ustuvor vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

So‘nggi to‘rt yilda tarmoqni transformatsiya qilish boshlanib, “O‘zavtosanoat”ga xorijiy mutaxassislar olib kelingani ta’kidlandi.

Xorijiy kompaniyalar ishtirokida yangi korxonalar tashkil etish va aksiz solig‘ini bekor qilish orqali sohada raqobat muhiti yaratildi.

Natijada o‘tgan to‘rt yilda avtomobil ishlab chiqarish hajmi 1,8 barobarga, tarmoq eksporti esa 2,7 barobarga oshdi. Shuningdek, 2,6 ming turdagi butlovchi qismlarni ishlab chiqarish o‘zlashtirildi.

“UzAuto Motors” “Fitch Ratings” va “Standart and Poor’s” xalqaro agentliklaridan  “barqaror” kredit reytinglarini olib, xalqaro moliya bozorida 300 million dollarlik yevrobond joylashtirdi.

Prezidentimiz sohaga mas’ul “O‘zavtosanoat” AJ raisi Sh.Umurzoqovga ishlab chiqarishni oshirish va aholimizning talabini to‘liq qondirish bo‘yicha tinimsiz ishlashi shartligi ko‘rsatib o‘tdi.

Shuningdek, jahonda mikrochiplar ishlab chiqarish va xalqaro logistika bilan bog‘liq muammolardan kelib chiqib yangi yondashuv va yechimlar topish zarur.

Umuman, mashinasozlik tarmog‘i sanoatning “drayver” sohalaridan biri bo‘lishi kerakligi ta’kidlandi.

Bu borada, besh yillik Taraqqiyot strategiyasida avtomobil ishlab chiqarishni 1,4 barobarga, eksportini esa 2 barobarga oshirish belgilab olingan.

Shu munosabat bilan 1 mayga qadar avtomobil xarididagi navbatlarni to‘liq bartaraf etish, “UzAuto Motors” avtomobillari uchun oldindan to‘lov miqdorini 85 foizdan 50 foizgacha pasaytirish vazifasi qo‘yildi.

Shuningdek, Sh.Umurzoqov zimmasiga bir hafta muddatda avtomobil savdosida ochiq-oshkora va inson omilidan xoli tizimni yo‘lga qo‘yib, sun’iy navbatlar va korrupsion holatlarni tag-tomiri bilan yo‘q qilish uchun shaxsiy javobgarlik yuklandi.

Yig‘ilishda oshib borayotgan ichki talabni qondirish maqsadida birinchi yarim yillikda kamida 160 mingta avtomobil ishlab chiqarish lozimligi ta’kidlandi.

Yil yakuniga qadar 275 mingta avtomobil ishlab chiqarish uchun zarur butlovchi qismlarni o‘z vaqtida yetkazib berish bo‘yicha nazorat o‘rnatish topshirildi.

“Shu bilan birga, aholimiz avtomobil bozorida takliflarni keskin oshirish bo‘yicha amaliy natijalarni hozir kutmoqda”, dedi Prezident Shavkat Mirziyoyev.

Vazirlar Mahkamasiga uch kun muddatda import avtomobillari uchun bojxona boji stavkalarini 2 barobarga (30 foizdan 15 foizga) pasaytirish bo‘yicha qaror loyihasini kiritishga topshiriq berildi.

Soha rahbarlariga 2022 yilda:

– tannarxni kamida 5 foizga kamaytirish, 100 million dollarlik import o‘rnini bosish;

– 23 loyiha doirasida 600 turdagi butlovchi qismlarni o‘zlashtirib, mahalliylashtirishni 48 foizdan 56 foizga oshirish;

– 336 million dollarlik investitsiyalarni o‘zlashtirib, 3 ta loyihani (“Tracker”, “Onix” va yangi dvigatellar ishlab chiqarish) ishga tushirish lozimligi ko‘rsatildi.

Ichki talabdan kelib chiqib 2022 yilda 410 million dollarlik mahsulotlarni eksport qilish rejalashtirilgan.

Yig‘ilishda bu raqam tarmoqdagi mavjud imkoniyatlarga nisbatan ancha kamligi ta’kidlandi.

Shu bois avtomobillarni ko‘proq ichki bozorga yo‘naltirib, butlovchi qismlar hisobiga yillik eksportni 500 million dollarga yetkazishga ko‘rsatma berildi.

Bunda Rossiya va Qozog‘istonning yirik savdo tarmoqlari orqali butlovchi qismlar sotish tajribasini boshqa davlatlarda ham yo‘lga qo‘yish maqsadga muvofiqligi qayd etildi.

“Endi mashinasozlik tarmog‘ini sanoat klasteri usulida rivojlantiramiz. Bunga yetarli imkoniyat va salohiyatimiz bor”, dedi Prezident.

Avvalambor, ilm-fanga asoslanib, “injiniring – butlovchi qismlar – tayyor mahsulot – savdo va servis” yaxlit zanjirini yaratish kerak. Bunda:

– 8 ta yirik mashinasozlik korxonasi (engil va yuk avtomobillari, avtobuslar, qishloq xo‘jaligi texnikalari ishlab chiqaruvchilar);

– butlovchi qismlar ishlab chiqaruvchi 300 dan ziyod korxona;

– moliya, logistika, ichki va tashqi bozorlardagi savdo va servis tarmog‘i;

– Turin politexnika va Andijon mashinasozlik institutlari faoliyatini qamrab olish zarur.

Buning natijasida Milliy mashinasozlik klasteri tashkil etiladi.

Ikki oy muddatda ushbu klasterni tashkil etish dasturini kiritish topshirildi.

Klasterga xorijiy investorlar va xususiy sektorni jalb qilish uchun shart-sharoitlar yaratiladi.

“Yana bir masala – jahonda elektromobillar ishlab chiqarish

jadal rivojlanib, avtomobil bozorida salmoqli o‘rin egallamoqda.

Biz ham bu sohada ortda qolmasligimiz uchun amaliy ishlarni hozirdan boshlashimiz kerak”, dedi Prezident yig‘ilishda.

Mutasaddilarga uch oy muddatda elektromobil tarmog‘ini rivojlantirish strategiyasini kiritish topshirildi. Bunda:

–  elektromobillar uchun butlovchi qism va materiallarni mahalliylashtirish dasturini;

–  elektromobillar uchun texnik talab va zamonaviy standartlarni ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.

Shuningdek, yil yakuniga qadar xorijiy kompaniyalar bilan muzokaralarni yakunlab, strategik hamkor bilan loyihani boshlash yuzasidan ko‘rsatma berildi.

Yig‘ilishda qishloq xo‘jaligi mashinasozligi klasterini tashkil etish bo‘yicha barcha masalalar hal qilib berilgani va bunga budjetdan 100 milliard so‘m mablag‘ ajratilgani ham ko‘rsatib o‘tildi.

Uch oy muddatda “Texnolog” va “Agregat” zavodlari asbob-uskunalarini “Chirchiq klasteri”ga ko‘chirib, qurilish-montaj ishlarini joriy yilning 1 dekabr sanasiga qadar to‘liq yakunlashga ko‘rsatma berildi.

“Bu degani “Chirchiq klasteri” 2023 yildan to‘liq ishlashni boshlashi kerak”, dedi davlatimiz rahbari.

Soha rahbarlari oldiga joriy yilda qishloq xo‘jaligi mashinasozligida:

– qishloq xo‘jaligi texnikasi tannarxini 12 foizga kamaytirish;

– ishlab chiqarishni 2 barobarga oshirish;

– eksportni 15 million dollarga yetkazish vazifasi qo‘yildi.

Yig‘ilish yakunida davlatimiz rahbari yana avtomobil uchun navbatlar mavzusiga qaytib, navbatda turgan har bir buyurtmachiga “UzAuto Motors” kompaniyasi tomonidan avtomobil yetkazib beriladigan aniq sana ko‘rsatilgan xabarnoma yo‘llash bo‘yicha topshiriq berdi.

Translate »