Ijodiy imtihon

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASINING QARORI

ALOHIDA IQTIDOR TALAB ETILADIGAN BAKALAVRIAT TA’LIM YO‘NALISHLARIGA KIRISH TEST SINOVLARISIZ, KASBIY (IJODIY) IMTIHONLAR ORQALI QABUL QILISH TARTIBI TO‘G‘RISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASH HAQIDA

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublika oliy ta’lim muassasalari bakalavriatiga kirish test sinovlarini o‘tkazish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida” 2017-yil 16-noyabrdagi PQ-3389-son qaroriga muvofiq oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatiga o‘qishga qabul qilish tizimini takomillashtirish, abituriyentdan ijodkorlik va individual mahorat talab etiladigan sohalardagi ta’lim yo‘nalishlariga qabulni adolatli, xolis va shaffof o‘tkazish orqali puxta bilimga ega bo‘lgan iqtidorli yoshlarning o‘qishga qabul qilinishini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:

  1. Alohida iqtidor talab etiladigan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga kirish test sinovlarisiz, kasbiy (ijodiy) imtihonlar orqali qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
  2. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
  3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.A. Abduhakimov, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri I.U. Madjidov zimmasiga hamda Vazirlar Mahkamasining Madaniyat, san’at va yoshlar siyosati masalalari axborot-tahlil departamentiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV

Toshkent sh.,
2018-yil 27-iyul,
588-son

Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 27-iyuldagi 588-son qaroriga
ILOVA

Alohida iqtidor talab etiladigan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga kirish test sinovlarisiz, kasbiy (ijodiy) imtihonlar orqali qabul qilish tartibi to‘g‘risida

NIZOM

1-bob. Umumiy qoidalar

  1. Ushbu Nizom alohida iqtidor talab etiladigan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga kirish test sinovlarisiz, kasbiy (ijodiy) imtihonlar orqali qabul qilish tartibini belgilaydi.
  2. Oliy ta’lim muassasalari alohida iqtidor talab etiladigan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga talabalikka da’vogarlarni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish to‘g‘risidagi tegishli qarori bilan tasdiqlangan davlat grantlari va to‘lov-kontrakt asosidagi qabul kvotalariga muvofiq kasbiy (ijodiy) imtihonlar o‘tkazish orqali qabul qiladi.
  3. Alohida iqtidor talab etiladigan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga qabul qilish O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha davlat komissiyasi (keyingi o‘rinlarda Davlat komissiyasi deb ataladi) tomonidan kasbiy (ijodiy) imtihonlar natijalariga ko‘ra to‘plangan ballarning reyting tizimi bo‘yicha amalga oshiriladi.
  4. Oliy ta’lim muassasalarining alohida iqtidor talab etiladigan bakalavriat ta’lim yo‘nalishiga qabul barcha uchun (ham davlat granti, ham to‘lov-kontrakt bo‘yicha) yagona qabul qoidalari va yagona tanlov asosida amalga oshirilib, kasbiy (ijodiy) imtihonlarda eng yuqori ball to‘plagan abituriyentlarning davlat grantlari bo‘yicha birinchi navbatda qabul qilinishi ta’minlanadi. Qolgan abituriyentlar kasbiy (ijodiy) imtihonlar reytingi asosida belgilangan to‘lov-kontrakt kvotalari doirasida qabul qilinish huquqiga egadirlar.
  5. Kasbiy (ijodiy) imtihon har bir oliy ta’lim muassasasi bo‘yicha bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari, o‘qitish tillari va ta’lim shakllariga ko‘ra alohida o‘tkaziladi.

Ayrim bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha hududlar kesimida maqsadli qabul kvotalari tasdiqlangan taqdirda, kasbiy (ijodiy) imtihon har bir hudud bo‘yicha alohida o‘tkaziladi. Maqsadli qabul kvotasi faqat davlat granti asosidagi o‘rinlarga belgilanganida maqsadli qabul tanlovida qatnashib, davlat granti asosida qabul qilinmagan abituriyentlar mazkur ta’lim yo‘nalishida to‘plagan ballari bilan ushbu yo‘nalish uchun tasdiqlangan umumiy to‘lov-kontrakt asosidagi qabul kvotalari doirasidagi tanlovda ishtirok etishi mumkin.

  1. Tasarrufida oliy ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirlik va idoralar hamda oliy ta’lim muassasalari rektorlari joylarda kasbiy (ijodiy) imtihonlarni o‘tkazish uchun zarur sharoitlarni ta’minlaydilar.
  2. Kasbiy (ijodiy) imtihonlar qabul kvotasiga muvofiq oliy ta’lim muassasasida ta’lim olish (o‘zbek, rus, qoraqalpoq va boshqa) tilida o‘tkaziladi.

O‘zbek guruhlariga hujjat topshirgan abituriyent o‘z arizasiga asosan kasbiy (ijodiy) imtihonlarni lotin yoki kirill alifbosida topshirish huquqiga ega (imtihon savollari oliy ta’lim muassasasi tomonidan qanday alifboda berilishidan qat’i nazar).

Kasbiy (ijodiy) imtihon fanlar xususiyatidan kelib chiqqan holda amaliy, og‘zaki shakllarda o‘tkazilishi mumkin.

Oliy ta’lim muassasalarida bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha o‘qitish tili O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish to‘g‘risidagi tegishli qarori bilan tasdiqlangan qabul kvotalari doirasida, abituriyentlardan hujjatlar qabul qilinguniga qadar tasarrufida oliy ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirliklar va idoralar tomonidan belgilanadi hamda Davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi.

  1. Sirtqi (maxsus sirtqi) ta’limga talabalarni qabul qilish Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 21-noyabrdagi 930-son qarori bilan tasdiqlangan Oliy ta’lim muassasasida sirtqi (maxsus sirtqi) ta’limni tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizomga asosan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish to‘g‘risidagi tegishli qarori bilan tasdiqlangan qabul kvotalariga muvofiq amalga oshiriladi.
  2. Alohida iqtidor talab etiladigan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga hujjatlarni qabul qilish, xalqaro va respublika olimpiadalari, tanlovlari va musobaqalari g‘oliblarini, muddatli harbiy xizmatni o‘tagan abituriyentlarni, ko‘zi ojizlar toifasiga kiruvchi abituriyentlarni, xorijiy fuqarolarni, abituriyentlarni davlat grantlari va to‘lov-kontrakt asosida qabul qilish Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 20-iyundagi 393-son qarori bilan tasdiqlangan Oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatiga talabalarni o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomgamuvofiq amalga oshiriladi.
  3. Alohida iqtidor talab etiladigan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha kasbiy (ijodiy) imtihonlar ushbu Nizomga 1-ilovadakeltirilgan sxemaga muvofiq o‘tkaziladi.

2-bob. O‘qishga qabul qilish tartibi

  1. Alohida iqtidor talab etiladigan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha kasbiy (ijodiy) imtihonlar har yili 25-iyuldan 10-avgustgacha bo‘lgan davrda oliy ta’lim muassasalarida o‘tkaziladi.
  2. Kasbiy (ijodiy) imtihon boshlanishidan bir hafta oldin abituriyentlarga oliy ta’lim muassasasining qabul komissiyasi raisi va mas’ul kotibi imzolagan hamda oliy ta’lim muassasasining muhri qo‘yilgan va ushbu Nizomga 2-ilovada namuna sifatida keltirilgan ruxsatnoma beriladi.
  3. Kasbiy (ijodiy) imtihonlar abituriyentlarning tanlangan bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha o‘qish va keyinchalik ishlab ketish imkoniyatlarini aniqlash, ularning fanlar bo‘yicha bilim, malaka, kasbiy ko‘nikma, ijodiy va jismoniy qobiliyatlarini baholash maqsadida o‘tkaziladi.
  4. Kasbiy (ijodiy) imtihonlar topshiriqlari umumiy o‘rta (11-sinf negizida), o‘rta maxsus, kasb-hunar (shu jumladan madaniyat, san’at, musiqa, sport va jismoniy tarbiyaga ixtisoslashtirilgan) ta’limi fanlarining o‘quv dasturlariga muvofiq oliy ta’lim muassasalari tomonidan tuziladi va oliy ta’lim muassasasi rektori tomonidan tasdiqlanadi.

Sport va jismoniy tarbiya fanlari bo‘yicha imtihonlar topshiriqlari abituriyentlarning alohida toifalari uchun (jinsi va yoshi bo‘yicha) belgilangan me’yoriy talablarga muvofiq tuziladi.

  1. Alohida iqtidor talab etiladigan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlarining ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda tasarrufida oliy ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirliklar va idoralar takliflari asosida har yili Davlat komissiyasi tomonidan ko‘rib chiqiladi va tasdiqlanadi.
  2. Kasbiy (ijodiy) imtihonlarni ushbu Nizomga muvofiq tashkil etish va adolatli o‘tkazish mas’uliyati, shu jumladan ularni video tasvirga olish oliy ta’lim muassasasi qabul komissiyasi raisi, mas’ul kotibi, uning o‘rinbosari, fan bo‘yicha imtihon komissiyasi raisi va a’zolari, shuningdek, imtihon komissiyasi a’zosi hisoblanadigan guruh nazoratchisi zimmasiga yuklanadi.
  3. Kasbiy (ijodiy) imtihonni belgilangan talablarga qat’iy rioya etgan tarzda to‘g‘ri va adolatli o‘tkazilishini ta’minlash, imtihonlar o‘tadigan xonalarni zarur ko‘rgazmali vositalar, o‘quv qurollari va ashyolar bilan jihozlash bo‘yicha shaxsiy mas’uliyat oliy ta’lim muassasasining qabul komissiyasi va fan bo‘yicha imtihon komissiyasi raisi zimmasiga yuklanadi.
  4. Kasbiy (ijodiy) imtihonlar o‘tkaziladigan binoga kirishda abituriyent mikrokalkulyator, lug‘at, jadval, kitob, uyali telefon, kompyuter, telekommunikatsiya vositalari va shpargalkalar olib kirishga harakat qilsa yoki olib kirgan bo‘lsa, shuningdek, kasbiy (ijodiy) imtihonlar davomida imtihon topshiriqlarini boshqa abituriyentga uzatsa yoki yordam bersa, kasbiy (ijodiy) imtihonlar uchun ajratilgan vaqt tugaganidan keyin imtihon topshiriqlarini topshirishdan bosh tortsa, imtihon topshiriqlarini guruhdan tashqariga chiqarsa, mazkur holatlarda abituriyent kasbiy (ijodiy) imtihon o‘tkazish tartibini buzgan hisoblanadi va fan bo‘yicha imtihon komissiya raisi hamda guruh nazoratchilari tomonidan dalolatnoma tuzilib chetlashtiriladi.

3-bob. Kasbiy (ijodiy) imtihonlarni o‘tkazish tartibi

  1. Oliy ta’lim muassasasida kasbiy (ijodiy) imtihonlar quyidagi tartibda o‘tkaziladi:

oliy ta’lim muassasasining qabul komissiyasi fan bo‘yicha imtihon komissiyasining raisligiga nomzodni o‘z vaqtida tasdiqlash uchun bo‘ysunishiga qarab tegishli vazirlik, idoraga taqdim etadi;

kasbiy (ijodiy) imtihonlar boshlanishidan bir oy oldin oliy ta’lim muassasasi rektorining buyrug‘i bilan tegishli fanlar bo‘yicha imtihonlarni tashkil etish va o‘tkazish uchun 3 kishidan kam bo‘lmagan tarkibda tajribali, malakali va mas’uliyatli professor-o‘qituvchilardan shakllantirilgan fanlar bo‘yicha imtihon komissiyalari tashkil etiladi;

kasbiy (ijodiy) imtihon har bir guruhda, qoida tariqasida 2 nafar guruh nazoratchisi kuzatuvida, qabul komissiyasi raisi tomonidan tasdiqlangan jadvalga qat’iy rioya etgan holda o‘tkaziladi;

kasbiy (ijodiy) imtihonlarga ajratiladigan vaqt imtihon dasturlariga muvofiq oliy ta’lim muassasasi qabul komissiyasining qarori bilan belgilanadi.

Fan bo‘yicha imtihon komissiyasi tarkibiga sohaning yetuk mutaxassislari va boshqa oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari ushbu tashkilotlarning rahbarlari bilan kelishilgan holda kiritilishi mumkin.

  1. Kasbiy (ijodiy) imtihon o‘tkaziladigan fanlar bo‘yicha imtihon dasturlari va har bir fan xususiyati hisobga olingan holda baholash mezonlari, shuningdek, tegishli bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga muvofiq keluvchi fan majmualari oliy ta’lim muassasalari tomonidan ishlab chiqiladi hamda tegishli vazirliklar va idoralar tomonidan tasdiqlanadi.
  2. Oliy ta’lim muassasasining qabul komissiyasi imtihonlar boshlanishidan bir oy oldin abituriyentlar e’tiboriga imtihon dasturlari, baholash mezonlari, maslahatlar va imtihonlar jadvalini ma’lum qiladi.
  3. Kasbiy (ijodiy) imtihonlar, tegishli bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari ro‘yxati va ularga muvofiq keluvchi 3 ta fan majmualarida to‘planishi mumkin bo‘lgan maksimal 189,0 balldan, har bir fanning o‘rniga qarab uning uchun ajratilgan eng ko‘p ballning 0 dan 100 foizgacha bo‘lgan oraliqda baholanadi.
  4. Kasbiy (ijodiy) imtihonlar (sport va jismoniy tarbiya sohasidagi ta’lim yo‘nalishlari bundan mustasno) kollegial tartibda qabul qilinadi va baholanadi.

Bunda fan bo‘yicha imtihon komissiyasi a’zolarining har biri talabalikka da’vogarni alohida-alohida baholaydi va uning yakuniy bahosi fan bo‘yicha imtihon komissiyasi a’zolari tomonidan qo‘yilgan baholarning o‘rtacha qiymatiga teng bo‘ladi.

  1. Abituriyentlarning amaliy shaklda bajargan imtihon ishlarini tekshirish va baholash shifrlash orqali amalga oshiriladi.

Guruh nazoratchisi kasbiy (ijodiy) imtihon tugaganidan so‘ng abituriyentlarning amaliy ishlarini qabul qilib olish, har bir amaliy ish va uning ushbu Nizomga 3-ilovada namuna sifatida keltirilgan titul varag‘iga identifikatsiya raqamlari (shifr)ni qo‘yish hamda imtihon komissiyasi raisiga ushbu imtihon ishlarini tekshirishga berish uchun mas’ul hisoblanadi.

Amaliy imtihon ishlariga qo‘yilgan shifrlarning maxfiyligini ta’minlashga guruh nazoratchisi shaxsan mas’ul hisoblanadi.

Amaliy imtihon ishlarini shifrlash va qayta tiklash hamda ularni tekshirish va baholash maxsus ajratilgan xonalarda amalga oshiriladi.

Amaliy imtihon ishlarini obyektiv tekshirish, baholash hamda abituriyent tomonidan to‘plangan ballarni titul varag‘ida aks ettirish uchun mas’uliyat fan bo‘yicha imtihon komissiyasi raisi va a’zolari zimmasiga yuklanadi.

Amaliy imtihon ishlari qabul komissiyalarining maxsus xonalarida bir yil saqlanadi va ushbu muddat o‘tganidan so‘ng belgilangan tartibda yo‘q qilinadi.

  1. Jadval bo‘yicha kasbiy (ijodiy) imtihonlarga (imtihon bosqichi yoki turiga) kelmagan abituriyentlar uchun qayta kasbiy (ijodiy) imtihonlar o‘tkazilmaydi va ular o‘qishga qabul qilinmaydi.
  2. Tegishli bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga muvofiq fanlar majmuasidagi har bir fan bo‘yicha imtihon natijalari kasbiy (ijodiy) imtihon xususiyatiga qarab, imtihon o‘tkazilganidan keyin 1 — 3 kun muddatda oliy ta’lim muassasasi rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi.
  3. Oliy ta’lim muassasasida kasbiy (ijodiy) imtihonlar o‘tkazilishi davrida belgilangan tartibda norozilik (apellatsiya) arizalarini ko‘rib chiqish uchun sohaning yetuk mutaxassislari va boshqa oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilaridan iborat apellatsiya komissiyasi tashkil etiladi.

Apellatsiya komissiyasi tarkibiga fan bo‘yicha imtihon komissiyasi a’zolarining kiritilishi taqiqlanadi.

Imtihonni qabul qilgan fan bo‘yicha komissiya a’zosi apellatsiya jarayonida qatnashib, o‘z fikrini bildirish huquqiga ega.

Norozilik (apellatsiya) arizalari imtihon natijalari e’lon qilingan vaqtdan boshlab 24 soat ichida qabul qilinadi va apellatsiya komissiyasi tomonidan bir kun muddatda ko‘rib chiqiladi.

  1. Kasbiy (ijodiy) imtihonlar natijalari fanlar kesimida alohida imtihon qaydnomalariga kiritiladi.

Ushbu imtihon qaydnomalarining har biri fan bo‘yicha imtihon komissiyasi raisi va oliy ta’lim muassasasi qabul komissiyasining mas’ul kotibi tomonidan imzolanadi hamda muhrlanadi.

Kasbiy (ijodiy) imtihonlar yakunlanganidan so‘ng imtihon qaydnomalari oliy ta’lim muassasasi qabul komissiyasi tomonidan bo‘ysunishiga qarab tegishli vazirlik (idora) orqali har yili 15-avgustga qadar qaror qabul qilish uchun Davlat komissiyasiga taqdim etiladi.

4-bob. Yakunlovchi qoidalar

Oldingi tahrirga qarang.

  1. Ushbu Nizomni qo‘llashda yuzaga keladigan nizolar qonunchilikda belgilangan tartibda hal etiladi.

(29-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)

Oldingi tahrirga qarang.

  1. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilikda belgilangan tartibda javob beradilar.

(30-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)

Raqamli ta’lim texnologiyalari markazi | NamMTI

Translate »