Pezidentimizning 2022/2023 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasining oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari to‘g‘risidagi qarori loyihasi ishlab chiqilib, regulation.gov.uz portaliga keng jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.
Mazkur hujjatda qayd etilishicha, yangi o‘quv yilidan abituriyentlarga fanlar ketma-ketligi bir xil bo‘lgan beshtagacha yo‘nalishga hamda bir vaqtning o‘zida ham kunduzgi, ham sirtqi va kechki ta’lim shakllarini tanlash imkoniyati yaratiladi.
Abituriyentlar endilikda barcha ta’lim shakllariga hujjat topshirishlari mumkin.
Loyihaga ko‘ra, 2022/2023 o‘quv yilidan boshlab, test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi va fanlar ketma-ketligi bir xil bo‘lgan beshtagacha bakalavriat ta’lim yo‘nalishlarini hamda bir vaqtning o‘zida barcha ta’lim shakllarini tanlash imkoniyati yaratiladi.
Shuningdek, oliy ta’lim muassasalarining imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda ta’limning masofaviy shakli joriy etiladi.
Abituriyentlarni onlayn ro‘yxatdan o‘tkazish 15 iyundan 15 iyulga qadar (15 iyul kuni ham) bo‘lgan muddatda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali hamda Davlat test markazining rasmiy veb-sayti orqali amalga oshiriladi.
Bunda chet tili fanidan kasbiy (ijodiy) imtihon o‘tkaziladigan ta’lim yo‘nalishlariga onlayn ro‘yxatdan o‘tish 15 iyundan 5 iyulga qadar (5 iyul kuni ham) amalga oshiriladi.
Mazkur qaror loyihasi 1 iyulga qadar joylashtirilgan.