Namangan muhandislik-texnologiya institutida Xalqaro tasviriy va amaliy san’at festivali doirasida “Ijod yog‘dusi” deb nomlangan ko‘rgazma tashkil etildi.
Unda Yengil sanoat texnologiyasi fakultetining “Dizayn” ta’lim yo‘nalishi talabalari o‘zlarining ijod namunalari bilan ishtirok etishdi. Tasviriy san’at yo‘nalishida talabalar ijodiga oid 300 dan ortiq rasmlar ko‘rgazmaga qo‘yildi. Amaliy san’at yo‘nalishida ham 70 dan ortiq san’at asarlari yig‘ilganlar e’tiboriga havola etildi.
Ko‘rgazmaning tantanali ochilish marosimida Namangan muhandislik-texnologiya instituti rektori Odiljon Mamatkarimov, Namangan viloyati Badiiy ijodkorlar uyushmasi raisi Komiljon Qambarov, Namangan viloyati Hunarmandlar uyushmasi raisi Ayubxon Sayfiddinovlar talaba-yoshlar tomonidan yaratilgan san’at asarlarini yuqori baholab, yosh ijodkorlarga ijodiy parvozlar tilashdi.
Shuningdek, mazkur nufuzli ko‘rgazmada taniqli rassomlar, usta-hunarmandlar, san’at darg‘alari mehmon bo‘lishdi. Namangan muhandislik-texnologiya instituti talabalari ijodidan bahramand bo‘lishdi.
- Namangan muhandislik-texnologiya institutida shunday ajoyib san’at asarlari yaratilayotgani bu dargohda ilm-ma’rifatga qaratilayotgan e’tiborning yorqin natijasi deb bilaman – deydi Namangan viloyati Badiiy ijodkorlar uyushmasi raisi Komiljon Qambarov – Ko‘rgazmada namoyish etilayotgan asarlarning barchasi nozik did bilan ishlangani meni quvontirdi. Mazkur institut talabalaridan umidimiz katta. Ular xalqaro maydonda ham o‘z san’atlari bilan yurtimiz dovrug‘ini tanishda ishtirok etajaklar.
Shuningdek, ko‘rgazma davomida bo‘lajak dizeynerlarning 140 dan ortiq milliy liboslardan iborat kolleksiyalarining namoyishi ham tashkil etildi. Unda talabalar nazariya olgan bilimlarini amaliyotda keng jamoatchilik oldida sinovdan o‘tkazib olish imkoniga ega bo‘lishdi.
Ko‘rgazma yakunida bir guruh talabalar O‘zbekiston Badiiy akademiyasining diplom va tashakkurnomalari bilan taqdirlandilar. Bir so‘z bilan aytganda kun davomida o‘tkazilgan mazkur san’at bayrami yig‘ilganlarning qalbiga bahoriy quvonch olib kira oldi.