O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 16-18 dekabr kunlari Prezident Mun Chje Inning taklifiga binoan davlat tashrifi bilan Koreya Respublikasida bo‘ldi.
Bugungi kunda dunyoning rivojlangan davlatlari qatorida tilga olinadigan Koreya Respublikasining barcha sohalarda taraqqiy etishi zamirida ta’lim tizimining namunali yo‘lga qo‘yilgani yotadi. Vaholanki, Davlatimiz rahbari tomonidan ta’lim sohasiga ustuvor ahamiyat qaratilishi ham bejiz emas.
Bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi uchrashuvlardan keyin yana bir bor ishonchimiz komil bo‘ldiki, O‘zbekiston bilan Koreyaning barcha sohalar qatori oliy ta’lim bo‘yicha munosabatlari ham yangi pog‘onaga ko‘tariladi. Xususan, Prezidentimiz muloqotlar davomida yashil iqtisodiyot, axborot texnologiyalari va ijtimoiy masalalar bo‘yicha ta’lim yo‘nalishlarini rivojlantirish zarurligini ta’kidladi.
Ijtimoiy sohada kadrlar yetkazib berish masalasida Koreya ta’lim vaziri bilan o‘zimiz ham bevosita uchrashuv o‘tkazdik. Oliy ta’lim muassasalari binolarini borib ko‘rdik, o‘quv jarayoni bilan tanishdik. Eng muhimi, o‘zbekistonlik talabalar bilan ham uchrashib, ularning taklif, mulohazalarini oldik. Hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarishga kelishib olindi.
Ma’lumki, bugungi kunda O‘zbekistonda Koreyaning 5 ta nufuzli oliy ta’lim muassasasi filiali faoliyat ko‘rsatayotgan bo‘lsa, ta’kidlash joiz, 4 tasi oxirgi uch yil ichida ochilgan.
Talabalar soni hozir 13 mingdan oshdi. O‘zaro muloqotlar chog‘ida erishilgan kelishuvlarga ko‘ra, kelgusi hamkorlikning birinchi bosqichida respublikamizdagi mavjud Koreya oliy o‘quv yurtlarida ta’lim yo‘nalishlarini ko‘paytiramiz.
Bunda, Davlatimiz rahbari belgilab bergan yashil iqtisodiyot, axborot texnologiyalari va ijtimoiy sohalar ustuvorlik kasb etadi.
Shuningdek, talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yishga ham kelishib oldik. O‘qish bakalavr yo‘nalishida 4 yil, magistratura bilan birga 6 yil. Agar, mahalliy oliy o‘quv yurtlarimiz talabalari shu muddat oralig‘ida atigi bir-ikki chorak Koreyaga kelib o‘qisa ham natija bo‘ladi. Koreyada darslar qanday o‘tilishi, amaliyot qay tarzda yo‘lga qo‘yilgani bilan tanishsa, ta’limga munosabati o‘zgaradi.
Masalan, shaxsan o‘zim ham vazir sifatida nimalarnidir o‘rgandim, tajriba orttirdim. Ehtimol, biz bu yerda guvohi bo‘lgan tizim haqida nazariy jihatdan bilardik, lekin amaliyotda ko‘rib, qolaversa, o‘zimizning o‘zbekistonlik talabalar bilan suhbatlashib, bunga yana bir bor ishonch hosil qildik. Koreyada talaba sutkasiga 15 soat ilm bilan shug‘ullanmasa, vaqtini o‘qishga sarflamasa, keyingi bosqichga o‘tolmaydi. Demak, talabaning ko‘cha-ko‘yda yurishga, har xil befoyda mashg‘ulotlarga bo‘sh vaqti qolmaydi. Ya’ni, faqat ilm-fan, amaliyot bilan shug‘ullanadi.
Albatta, bu yerda ko‘rganimizni, olgan tajribamizni O‘zbekiston oliy ta’lim tizimiga tadbiq qilamiz.
Eng muhimi, Davlatimiz rahbari tmomonidan shunday topshiriq qo‘yilyaptiki, endi son emas, sifatga asosiy urg‘u beriladi. Zero, ta’limda sifat bo‘lishi shart. Bu yog‘iga shunday talab qo‘yiladi.
O‘ylaymanki, ikki davlat rahbarlarining uchrashuvi samarasi sifatida, vazirlar, hukumat a’zolarining o‘zaro muloqotlari jarayonida bosqichma-bosqich Koreya bilan aloqalarimiz yangi, yuksak pog‘onaga ko‘tariladi.
Abduqodir Toshqulov,
oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri