Sport – bu sog‘liq, sport bu yoshlik, u shahdu shijoat, barkamollik va yetuklik demakdir.

Shuning uchun ham mamlakatimizda sport ravnaqiga, xalqimizni sportga ommaviy tarzda keng jalb etishga, ayniqsa, kelajagimiz egalari bo‘lgan yosh avlodni har jihatdan yetuk va komil insonlar sifatida ulg‘aytirishga yuksak darajada e’tibor qaratilmoqda.
Mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish ijtimoiy siyosatning muhim yo‘nalishlaridan biri etib belgilangan. Chunki sport aholi salomatligini mustahkamlash, yosh avlodni sog‘lom va barkamol etib tarbiyalash orqali jamiyatda sog‘lom turmush tarzini qaror toptiradi. Turli kasalliklar, yoshlar o‘rtasida zararli odatlarning oldini oladi. Sport yuksak madaniyat, vatanparvarlik tuyg‘ularini shakllantirishda ham muhim o‘rin tutadi. Mustaqillik yillarida bu borada keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Aholining, ayniqsa, yosh avlodning jismoniy tarbiya va ommaviy sport bilan muntazam shug‘ullanishi uchun zarur sharoitlar yaratildi. Hududlarimizda minglab sport inshootlari va majmualari, o‘yingohlar bunyod etildi hamda rekonstruksiya qilindi.
Jumladan, Namangan muhandislik-texnologiya institutida ham jismoniy tarbiya va sport sohasiga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Mazkur institutda 1 ta yopiq va 6 ta ochiq sport maydonchasi mavjud bo‘lib, bunda futbol, mini futbol, voleybol, basketbol, stol tennisi, muaytay kabi sport turlari bilan shug‘ullanishga mo‘ljallangan. Ko‘rkam va zamonaviy sport maydonchasi talab darajasidagi sport anjomlari bilan jihozlangan bo‘lib, talabalarning har jihatdan chiniqib, mahorat bobida toblanishlariga xizmat qilmoqda.
Institutimizda darsdan so‘ng, muaytay sport to‘garagi ham faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Bu to‘garakni o‘zim tashkil etganman. Institutimizda sport mutaxassislari tayyorlanmaydi. Shunday bo‘lsada, 2 nafar jahon chempioni, 2 nafar Osiyo va 50 dan ortiq O‘zbekiston chempionlarini, xalqaro musobaqalar ishtirokchilarini va sovrindorlarini tarbiyalay oldim. Bu zahmatlar esa bugun meva berdi.Sababi, kuni kecha, «Jismoniy tarbiya va sport mashg‘ulotlari nazariyasi va metodikasi» ixtisosligi bo‘yicha dosent ilmiy unvoniga sazovor bo‘ldim. Albatta bu jarayonda qo‘lga kiritilgan natijalarning o‘rni katta bo‘ldi.
Rejalar, maqsadlar aniq. Yaratilgan bunday keng imkoniyatlardan oqilona foydalanib, sportga qiziquvchan talabalarni katta sport sari yo‘naltirish, terma jamoalar tarkibiga munosib nomzodlar tayyorlash qolaversa, joriy yilda sovrinli natijalarimizni yanada ko‘paytirishni maqsad qilganmiz.
Ulug‘bek Qo‘chqorov,
Namangan muhandislik-texnologiya instituti,
«Jismoniy tarbiya va sport» fani dosenti.

Translate »