“Yangi O‘zbekiston armiyasi – millat faxri!”

2025-yil 14-yanvar kuni Namangan muhandislik-texnologiya institutida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 33 yilligi va “Vatan himoyachilari kuni” munosabati bilan ochiq eshiklar kuni o‘tkazildi. Tadbir “Yangi O‘zbekiston armiyasi – millat faxri!” shiori ostida tashkil etilib, O‘zbekiston Respublikasi Milliy Gvardiyasining Namangan viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari va ularning oila a’zolari uchun katta shov-shuvga boy dastur namoyish etildi.

Dastur davomida kuy-qo‘shiqlar, raqslar, qiziqarli spektakllar mehmonlar e’tiboriga havola etildi. Tadbirni institutning birinchi prorektori Ma’rufjon Qayumov hamda Xodjayev Mamathon Ibragimovichlar ochib berishdi. Ular o‘z nutqlarida harbiylar va yoshlarning vatanga sadoqati, mardligi va fidoyiligi haqida so‘z yuritib, tadbirning ahamiyatini alohida ta’kidladilar.

Tadbir talabalar uchun o‘ziga xos ma’naviy dars bo‘lib, vatanga bo‘lgan muhabbat va sadoqat tuyg‘ularini yanada kuchaytirdi. Tadbir so‘nggida mehmonlar tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanib, ularga hurmat-ehtirom ko‘rsatildi.

Bu kabi tadbirlar yoshlarning harbiylarga nisbatan hurmatini oshirish va ularda yurtga xizmat qilish mas’uliyatini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Translate »