Namangan muhandislik-texnologiya instituti rektorining ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi Mamatxon Xodjayev institutning bir guruh professor-o‘qituvchilari bilan profilaktik uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuvning asosiy maqsadi – talabalarning ta’lim jarayonidagi faolligini oshirish, ularni yangi yildagi loyihalarda faol ishtirok etishga undash va ijtimoiy-ma’naviy muhitni yanada barqarorlashtirish bo‘yicha chora-tadbirlarni belgilash edi.
Institutda amalga oshirilayotgan ilg‘or loyihalar talabalarga nafaqat bilim olishda, balki o‘z ijodiy va tashabbuskorlik qobiliyatlarini namoyon etishda katta imkoniyat yaratadi. Professor-o‘qituvchilar bu borada talabalarga ko‘mak berish hamda ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha o‘z takliflarini bildirishdi.
Yangi yil ta’tilidan qaytadigan talabalarni kutib olish va ularga sessiya jarayonida yordam ko‘rsatish muhim vazifa sifatida belgilandi. Mazkur jarayonda shaffoflik va adolat tamoyillari asosida ishlash, talabalar bilimini xolisona baholash masalalari alohida ta’kidlandi.
Ta’lim tizimida korrupsiyaning oldini olish borasida olib borilayotgan tizimli ishlar yanada kuchaytirilishi zarurligi qayd etildi. Talabalarga bu borada tushuntirish ishlari o‘tkazish, ularning huquqiy savodxonligini oshirish va korrupsiyaga qarshi kurashda faol ishtirokini ta’minlash rejalari muhokama qilindi.