Namangan muhandislik-texnologiya instituti “Xalqaro talabalar kuni” bayrami arafasida o‘z talabalariga munosib sovg‘a taqdim etdi. Zamonaviy yozgi amfiteatrning ochilish marosimi instituting o‘sib borayotgan imkoniyatlarini yana bir bor namoyish etdi. Ushbu inshoot talabalarning madaniy, ma’naviy va ijodiy faoliyatini yuksaltirish uchun muhim poydevor bo‘ladi.
Tadbirda institut rektori, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi Odiljon Mamatkarimov, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar boshqarmasi boshlig‘i Abdulahat G‘affarov, Viloyat ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Musoxon Appaqov hamda Yoshlar ishlari boshqarmasi boshlig‘i Baxtiyor Mirzatov so‘zga chiqib, talabalarni ushbu ajoyib imkoniyat bilan samimiy tabriklashdi. Ular bu kabi loyihalar yoshlarning intellektual va ijodiy rivojlanishiga xizmat qilishini alohida ta’kidladilar.
Amfiteatr zamonaviy me’moriy yechim asosida qurilib, 500 o‘ringa mo‘ljallangan. U talabalarning ehtiyojlarini hisobga olgan holda, turli shou-dasturlar, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar va madaniy ko‘ngilochar loyihalarni o‘tkazish uchun barcha zarur jihozlar bilan ta’minlangan. Ushbu maskan institut hayotiga yangi ruh bag‘ishlab, madaniy tadbirlarni yanada yuksak saviyada tashkil etishga xizmat qiladi.
Yangi amfiteatr institutning talabalar hayotini boyitishga bo‘lgan intilishini namoyish etadi. Ushbu loyiha yoshlarning ma’naviy va intellektual o‘sishini qo‘llab-quvvatlash bilan birga, institutning madaniy muhitini yangi bosqichga olib chiqish yo‘lida muhim qadamdir. “Xalqaro talabalar kuni” bayramida taqdim etilgan ushbu sovg‘a kelajak avlodlar uchun ilhom manbai bo‘lishi shubhasiz.
©️Namangan muhandislik-texnologiya instituti Axborot xizmati