Namangan muhandislik-texnologiya instituti va kasb-hunar ta’lim muassasalari bilan hamkorlik memorandumlari imzoladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 158-sonli Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida Namangan muhandislik-texnologiya instituti va institutga biriktirilgan ta’lim muassasalari o‘rtasida ta’lim sifatini oshirish va faoliyat samaradorligini yanada kuchaytirish maqsadida muhim Memorandum imzolandi. Mazkur hujjat asosida Pop 3-son politexnikumi, Namangan sanoat va iqtisodiyot texnikumi, To‘rqo‘rg‘on agrotexnologiyalar texnikumi, Uychi 2-son politexnikumi, Mingbuloq yengil sanoat texnikumi hamda Norin 1-son politexnikumlari bilan hamkorlik yo‘nalishlari aniqlandi va kelgusida amalga oshiriladigan yo‘l xaritalari belgilandi.

Memorandumda texnikum va politexnikumlarning o‘quv-uslubiy faoliyatini raqamlashtirish, innovatsion ta’lim dasturlarini keng joriy etish, professor-o‘qituvchilar va talabalarning malakasini oshirish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan samarali foydalanishni ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratilgan. Shuningdek, ta’lim jarayonlarida amaliyotga yo‘naltirilgan loyihalar va ilg‘or pedagogik uslublarni joriy etish orqali ta’lim sifatini oshirish rejalari ishlab chiqildi.

Mazkur hamkorlik viloyatdagi kasb-hunar ta’lim muassasalarining o‘quv jarayonini zamonaviy talablar darajasiga olib chiqishda muhim qadam bo‘lib, yoshlarga zamonaviy kasbiy ko‘nikmalarni o‘rgatish va mehnat bozorida raqobatbardosh kadrlar tayyorlash imkonini beradi.

©️Namangan muhandislik-texnologiya instituti Axborot xizmati

Translate »