Uyma-uy: Ijaradagi talabalarning yashash sharoitlari o’rganilmoqda.

Namangan muhandislik-texnologiya instituti rektori Odiljon Mamatkarimov Davlatobod tumanidagi ko‘p qavatli uylar va xonadonlarda ijarada yashayotgan institut talabalarining yashash sharoitlarini yaqindan o‘rganish maqsadida ularga tashrif buyurdi. Tashrif davomida rektor talabalar bilan yuzma-yuz suhbatlashib, ularning kundalik yashash sharoitlari va duch kelayotgan muammolari haqida ma’lumot oldi.

Rektor talabalar darsdan keyingi bo‘sh vaqtlarini qanday o‘tkazayotganligi bilan ham qiziqib, ularga vaqtni unumli va samarali foydalanish bo‘yicha tavsiyalar berdi. Talabalarning shaxsiy rivojlanishiga va sog‘lom turmush tarzini yo‘lga qo‘yishiga xizmat qiladigan faoliyatlarga jalb etilishi muhim ekanligi ta’kidlandi. Rektor yoshlarni qiziqishlariga mos keladigan to‘garaklar va sport faoliyatlariga faol qatnashishga undadi.

Shu bilan birga, talabalar uchun kuz-qish mavsumidagi xavfsizlik choralariga alohida urg‘u berildi. Rektor is gazidan ehtiyot bo‘lish, isitish moslamalaridan to‘g‘ri foydalanish va boshqa xavfsizlik talablariga rioya qilish borasida zarur tavsiyalarni berdi. Bu borada talabalar o‘z sog‘liklarini va xavfsizliklarini ta’minlash uchun mas’uliyatli bo‘lishlari lozimligi eslatildi.

Translate »