NamMTI talabalari Markaziy saylov komissiyasi Raisi Zayniyiddin Nizomxo‘jayev bilan uchrashuvda faol ishtirok etishdi

Namangan muhandislik-texnologiya instituti talaba-yoshlari Davlatobod tumanidagi Madaniyat markazida Markaziy saylov komissiyasi Raisi Zayniyiddin Nizomxo‘jayev bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda faol ishtirok etishdi. Uchrashuvda MSK Raisi yurtimizda joriy etilgan yangi saylov tizimi, xususan, majoritar-proportsional saylov tizimi, va uning saylovchilar huquqiy ongini oshirishdagi ahamiyati haqida talaba-yoshlarga batafsil tushuntirish berdi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi tarixida ilk bor qo‘llanilayotgan saylov kodeksi va uning saylov jarayonlaridagi o‘zgarishlari haqida atroflicha ma’lumotlar taqdim qilindi.

Uchrashuv davomida NamMTI talabalari Zayniyiddin Nizomxo‘jayev bilan o‘zlarini qiziqtirgan turli mavzular bo‘yicha faol savol-javob o‘tkazishdi. Yoshlar ovoz berish jarayonidagi huquqiy me’yorlar, saylov jarayonining ochiq va oshkora o‘tishi kabi mavzularda savollar berib, MSK Raisidan to‘liq va batafsil javoblar olishdi. Shu bilan birga, Zayniyiddin Nizomxo‘jayev yoshlarni doimiy ravishda o‘zlarining siyosiy-ijtimoiy bilimlarini oshirib borishga chaqirib, ular mamlakatda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar samarasiga o‘z hissalarini qo‘shishlari lozimligini ta’kidladi.

Uchrashuv yakunida NamMTIning faol talabalari MSK Raisi tomonidan esdalik sovg‘alari, jumladan, badiiy kitoblar bilan taqdirlandi. Talabalar esa saylovda faol ishtirok etishga, o‘z fuqarolik burchlarini ado etishga va kelajak uchun ovoz berishga tayyor ekanliklarini bildirishdi.

©️Namangan muhandislik-texnologiya instituti Axborot xizmati

Translate »