Namangan muhandislik-texnologiya Institutida o‘zgacha ruhda boshlangan yangi o‘quv yilining ilk kunlarida institutning bitiruvchilari Namangan shahar hokimi Anvarjon Otaxodjayev hamda Yoshlar ishlari agentligi Namangan viloyati boshqarmasi boshlig’i Baxtiyor Mirzatovlar talabalar uchun esda qolarli dars o‘tib berishdi. Ular “Bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!” mavzusidagi mustaqillik darsi orqali talabalarga mustaqillik g‘oyalari va milliy birlikning ahamiyati haqida chuqur fikrlarni yetkazdi.
Ma’ruzachilar o‘z nutqida O‘zbekistonning mustaqillikka erishishi yo‘lida o‘tgan tarixiy jarayonlarni yoritib, yosh avlodning mamlakat taraqqiyotida tutgan o‘rni va mas’uliyatiga alohida urg‘u berdi. U O‘zbekistonning bugungi yutuqlari, milliy rivojlanish strategiyalari hamda yoshlarning bilimli, intiluvchan va yurtga fidoyi bo‘lishlari zarurligi haqida so‘z yuritdi. Hokim shuningdek, yoshlarni milliy qadriyatlarni qadrlashga, birgalikda Vatanimiz ravnaqi uchun fidokorona mehnat qilishga chorlab, ularga ishonch va dalda berdi.
Mehmonlarning mustaqillik darsida keltirilgan hayotiy misollari va yuksak motivatsion so‘zlari NamMTI talabalari uchun katta ilhom manbai bo‘ldi. Yoshlar o‘z oldilariga qo‘yilgan maqsadlarni amalga oshirishda yanada katta g‘ayrat bilan harakat qilishlari kerakligi haqida aniq tavsiyalar olishdi.
Bu dars talabalar uchun nafaqat o‘quv yilining boshlanishi sifatida, balki o‘z kelajaklari uchun katta ilhom va yo‘l-yo‘riq bo‘ldi. Anvarjon Otaxodjayev va Baxtiyor Mirzatovlarning talabalar bilan o‘tkazgan suhbatlari ularning vatanparvarlik ruhini yanada oshirdi va ularga o‘zlarining jamiyatdagi rolini his etish imkoniyatini berdi. Shu tariqa, mustaqillik darsi institutdagi o‘quv jarayonlariga boy mazmun olib kirdi va yoshlarda Vatan ravnaqi uchun yanada qat’iy ishtiyoq uyg‘otdi.
©️Namangan muhandislik-texnologiya instituti Axborot xizmati