Namangan muhandislik-texnologiya institutida talabalar o‘rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, shuningdek, ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash maqsadida navbatdagi targ‘ibot tadbiri tashkil etildi. Tadbirda institut rektori maslahatchisi Mamatxon Xodjayev, institut profilaktika inspektori Ilyosbek Saydaliyev, fakultet dekanlarining o‘rinbosarlari, tyutorlar hamda talaba-yoshlar faol ishtirok etdilar.
Uchrashuv davomida talabalarning huquqiy bilimlarini oshirish, huquqiy savodxonlikni mustahkamlash va jinoyatchilikka qarshi kurashish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Xususan, yoshlar o‘rtasida ijtimoiy tarmoqlardan oqilona foydalanish, zararli axborotlardan himoyalanish, qonunlarga rioya qilish va jamiyatdagi o‘zaro hurmat muhitini shakllantirish mavzulari keng yoritildi.
Tadbirda talaba-yoshlar huquqiy masalalarga oid o‘z savollariga javob olish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Institut profilaktika inspektori Ilyosbek Saydaliyev tomonidan jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning salbiy oqibatlari haqida real hayotiy misollar keltirildi. Shuningdek, ishtirokchilarga huquqiy madaniyatni oshirish yo‘nalishida aniq tavsiyalar berildi. Fakultet dekanlarining o‘rinbosarlari va tyutorlar tomonidan esa talabalarga qo‘shimcha ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishlarda maslahatlar taqdim etildi.
Tadbir yakunida huquqiy bilimlarni oshirish va sog‘lom muhitni ta’minlash bo‘yicha bunday targ‘ibot ishlari muntazam olib borilishi ta’kidlandi. Ishtirokchilar bu kabi uchrashuvlar yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olish va ularning huquqiy madaniyatini oshirishda katta ahamiyatga ega ekanligini qayd etdilar.