Namangan muhandislik-texnologiya institutida ilk bor “ROBOPOYGA-2024” musobaqasi o‘tkazildi

Namangan muhandislik-texnologiya institutida o‘zgacha bir musobaqa – “ROBOPOYGA-2024” bo‘lib o‘tdi. Mazkur musobaqada institutda tahsil olayotgan ixtirochi talabalar o‘zlari yasagan innovatsion gadjet va robototexnika texnologiyalari bilan ishtirok etishdi. Talabalar o‘z bilim va qobiliyatlarini sinovdan o‘tkazish, yangi texnologiyalarni amalda qo‘llash imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

Musobaqani institut rektori, professor Odiljon Mamatkarimov kuzatib, yangi foydalanishga topshirilgan “Robototexnika va mexatronika” laboratoriyasining imkoniyatlarini samarali qo‘llash, shuningdek, talabalarning innovatsion loyihalarini rivojlantirish zarurligini ta’kidladi. Professor Mamatkarimov bunday musobaqalar orqali institut talabalari o‘z texnologik bilimlarini yanada mustahkamlashi va kelajakda raqobatbardosh ixtirochilar bo‘lib yetishishini e’tirof etdi.

“ROBOPOYGA-2024” musobaqasi 4 bosqichdan iborat bo‘lib, ishtirokchilar o‘z robotlarini maxsus sinovlardan o‘tkazishdi:
1️⃣ 50 metr masofaga birinchi yetib borish
2️⃣ Maxsus tepalikdan muvaffaqiyatli o‘tish
3️⃣ Qumli yo‘lakda harakatlanish
4️⃣ Maxsus to‘siqlardan o‘tish

Talabalarimizning yangi texnologiyalar yaratishga bo‘lgan qiziqishlari va ilmiy-texnik ishlanmalar yo‘lidagi sa’y-harakatlari alohida e’tiborga sazovor. Ushbu tadbir kelgusida robototexnika va texnologiyalar sohasidagi yangi ixtirolarga turtki bo‘lib, institutimizda innovatsion muhitni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.

Barcha qatnashchilarni muvaffaqiyatlari bilan tabriklaymiz va kelgusi loyihalarida ham zafarlar tilaymiz!

©️Namangan muhandislik-texnologiya instituti Axborot xizmati

Translate »