“Robototexnika va Mehatronika” laboratoriyasi foydalanishga topshirildi

Namangan muhandislik-texnologiya institutida “Robototexnika va mehatronika” yo‘nalishida eng yangi texnologiyalar bilan jihozlangan laboratoriya foydalanishga topshirildi. Ushbu markazning tashkil etilishi 20-iyun kuni davlat rahbari raisligida muhandislik yo‘nalishlarida kadrlar tayyorlash tizimini yangi bosqichga olib chiqish masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan yig‘ilishda berilgan topshiriqlarning amaliy ijrosi sifatida amalga oshirildi.

Yangi markazda “Avtomatika va energetika”, “Robototexnika va mehatronika”, “Texnologik jarayonlarni avtomatlashtirish va boshqarish”, “Energetika” va “Informatsion texnologiyalar” kabi ta’lim yo‘nalishlarining 200 dan ortiq laboratoriya mashg‘ulotlarini bajarishga uchun zarur shart-sharoitlar yaratilgan. Bu esa talabalar uchun nazariy bilimlarni amaliy ko‘nikmalar bilan mustahkamlash imkoniyatini yaratadi. Markaz zamonaviy dasturiy ta’minot va ilg‘or texnologiyalar asosida tashkil etilgan bo‘lib, talabalar endi real loyihalar ustida ishlash orqali professional ko‘nikmalarini rivojlantiradilar.

Bu yangi laboratoriya nafaqat talabalarga, balki o‘qituvchilar va ilmiy xodimlarga ham katta imkoniyatlar eshigini ochadi. Ular o‘z bilim va salohiyatlarini yanada oshirish, xalqaro texnologik yutuqlarni o‘rganish va joriy etish, ilg‘or ilmiy loyihalar ustida hamkorlikda ishlash imkoniga ega bo‘ladilar. Shuningdek, laboratoriya zamonaviy ilmiy va amaliy izlanishlar olib borish uchun mustahkam poydevor bo‘lib, kelgusida innovatsion yechimlar va texnologik kashfiyotlarga zamin yaratadi. Bularning barchasi nafaqat institutning ilmiy nufuzini oshirishga xizmat qiladi, balki mamlakatning yuqori malakali muhandis kadrlar bilan ta’minlanishiga ham sezilarli hissa qo‘shadi.

©️Namangan muhandislik-texnologiya instituti Axborot xizmati

Translate »