O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 158-sonli Farmoni ijrosini ta’minlash va kasb-hunar ta’lim tizimini rivojlantirish maqsadida Namangan muhandislik-texnologiya instituti tashabbusi bilan viloyatdagi texnikum va politexnikumlar rahbarlari uchun seminar tashkil etildi. Ushbu tadbirda Namangan viloyati Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar boshqarmasi boshlig‘i Abdulahat G’affarov hamda Namangan muhandislik-texnologiya instituti rektori Odiljon Mamatkarimov ishtirok etdi.
Farmonga muvofiq, institutga biriktirilgan ta’lim muassasalari – Pop 3-son politexnikumi, Namangan sanoat va iqtisodiyot texnikumi, To‘rqo‘rg‘on agrotexnologiyalar texnikumi, Uychi 2-son politexnikumi, Mingbuloq yengil sanoat texnikumi va Norin 1-son politexnikumlari bilan yanada samarali hamkorlik o‘rnatish bo‘yicha keng qamrovli muhokamalar bo‘lib o‘tdi.
Seminar davomida raqamlashtirishni jadallashtirish, ilg‘or ta’lim dasturlarini amaliyotga keng joriy qilish, o‘quv jarayonlarini zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yordamida qo‘llab-quvvatlash masalalari ko‘tarildi. Mutaxassislar tomonidan texnikumlarning o‘quv-uslubiy faoliyatini takomillashtirish, o‘qituvchi va talabalarga texnologik imkoniyatlarni yanada kengroq taqdim etish yuzasidan tavsiyalar berildi.
Mazkur seminar Pop, Namangan, To‘rqo‘rg‘on, Uychi, Mingbuloq va Norin tumanlaridagi kasb-hunar ta’lim muassasalarida o‘quv jarayonlarini zamonaviylashtirish va ta’lim sifatini oshirish uchun muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi.
©️Namangan muhandislik-texnologiya instituti Axborot xizmati