Namangan muhandislik-texnologiya institutida xalqaro akademik hamkorlik kengaymoqda

Namangan muhandislik-texnologiya institutida “Akademik mobillik” dasturi doirasida Hindistonning nufuzli Javoharlal Nehru universitetidan 11 nafar talabalar ta’lim olishni boshladi. Xorijiy talabalarning o‘qishlari muhandislik yo‘nalishlari va o‘zbek tili fanlarini o‘z ichiga olib, ularga O‘zbekistondagi ta’lim tizimi va madaniyat bilan yaqindan tanishish imkoniyatini yaratmoqda.

Institutning xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektori Anvarjon Mahkamov va O‘zbek va xorijiy tillar kafedrasi mudiri Dildaraxon Hoshimova talabalarni institutga kelishida kutib olib, ularga dastur doirasidagi ta’lim jarayonlari, institut infratuzilmasi va o‘quv jarayonlari haqida batafsil ma’lumot berdilar.

Ushbu tashabbus nafaqat o‘zbek va xorijiy talabalar o‘rtasida madaniy va ilmiy almashinuvni kuchaytiradi, balki institutda xalqaro akademik hamkorlikni rivojlantirib, global ilmiy hamjamiyatga qo‘shilish imkoniyatlarini kengaytiradi. Namangan muhandislik-texnologiya instituti xalqaro miqyosda tajriba almashishga intilib, o‘z talabalariga yanada boy bilim va ko‘nikmalarni taqdim etishni maqsad qilgan.

Bu kabi akademik almashinuv dasturlari institutimizning ta’lim sifatini oshirish va xalqaro maydonda raqobatbardosh kadrlar yetishtirish yo‘lidagi yana bir muhim qadamdir.

©️Namangan muhandislik-texnologiya instituti Axborot xizmati

Translate »