Namangan muhandislik-texnologiya instituti (NamMTI) hamda AQSHning Fulbright dasturi hamkorligida tashkil etilgan qo‘shma loyihalar doirasida turli mavzularda ilmiy seminar va suhbatlar o‘tkazilmoqda. Ushbu tadbirlar AQSHning Liberty universitetidan ilmiy tadqiqotchi David Leffler hamda Pittsburg universitetidan ilmiy tadqiqotchi Jacklyn Sharp bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda. Ushbu seminarlar talaba va ilmiy xodimlarga zamonaviy ilmiy tadqiqot metodlari va resurslardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan.
Workshoplarda “Iqtiboslarni oshirish usullari”, “Ilmiy-tadqiqot faoliyatini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish” hamda hozirgi kundagi mashhur ilmiy ma’lumotlar bazalari bilan ishlash kabi dolzarb mavzular muhokama qilinmoqda. Tadqiqotchilar ilmiy ishlarning xalqaro miqyosda tan olingan standartlarga mos bo‘lishi uchun zarur bo‘lgan qimmatli ko‘rsatmalar bilan bo‘lishishmoqda. Ushbu mavzular yosh tadqiqotchilar uchun o‘z ilmiy faoliyatini yanada yuqori saviyaga ko‘tarishda katta yordam beradi.
Mazkur qo‘shma loyiha NamMTI va AQSH ilmiy muassasalari o‘rtasidagi akademik hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi. Seminarlar davomida ishtirokchilar ilmiy metodologiya, ma’lumotlarni tahlil qilish va akademik ishlanmalarda yuqori darajadagi iqtiboslash usullari hamda tanqidiy tahlil haqida chuqur bilimlarga ega bo‘lmoqdalar. Bu kabi tadbirlar ilmiy salohiyatni oshirish hamda xalqaro ilmiy hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgan muhim qadamlardan biridir. Xorijiy tadqiqotchilarnning NamMTIdagi faoliyatlari davom etmoqda.
©️Namangan muhandislik-texnologiya instituti Axborot xizmati