Namangan muhandislik-texnologiya institutida AQShning yetakchi oliy ta’lim muassasalaridan taklif etilgan mutaxassislar o‘z faoliyatini boshladi. Liberty universitetining Axborot resurs markazi mutaxassisi David Leffler hamda Pitsburg universiteti ilmiy tadqiqotchisi Jacqueline Sharp AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi va NamMTI o‘rtasidagi ko‘p yillik hamkorlik loyihalari doirasida institutga taklif etildi.
Institut rektori Odiljon Mamatkarimov xorijiy mutaxassislarni iliq kutib olib, ular bilan samimiy suhbat o‘tkazdi. Uchrashuvda xalqaro tajriba almashish, qo‘shma ilmiy izlanishlar olib borish va ta’lim sohasida zamonaviy metodikalarni joriy etish masalalari muhokama qilindi. Xususan, Liberty va Pitsburg universitetlari bilan hamkorlikda NamMTIda o‘quv dasturlarini takomillashtirish va mutaxassislarning malakasini oshirish rejalari ko‘rib chiqildi.
NamMTI va AQSh elchixonasi o‘rtasidagi uzoq yillik hamkorlik samarali loyihalar, xalqaro grantlar va talabalar hamda professor-o’qituvchilar almashinuvi orqali har ikki tomon uchun foydali bo‘lmoqda. Ushbu tashrif xalqaro aloqalarni yanada rivojlantirib, institutning ilmiy yutuqlari va akademik salohiyatini oshirishga xizmat qiladi.