Hayotda o‘z taqdirini hal qiluvchi shaxslar bor. Obidjon Abdilalimov ham shubhasiz, ana shunday yetuk insonlardan biri bo‘lib, uning ilm-fan, ta’lim va tarbiya yo‘lidagi xizmatlari yuksak qadrlanadi. Uning hayoti va ijod yo‘li yurtimizning ilmiy merosiga, kelajak avlodlarni tarbiyalashga bag‘ishlangan. Ustoz Abdilalimov nafaqat o‘qituvchi, balki haqiqiy yo‘lboshchi, bilim fidoiysi sifatida namuna bo‘lgan.
Ustoz 1973-yilda Samarqand davlat universitetining kimyo fakultetini tamomlagach, o‘zining ilmiy izlanishlariga chuqur kirishib, Andijon Zonal Agrokimyo laboratoriyasida agronom-agroximik lavozimida faoliyat olib bordi. Bu davrda O.Abdilalimovning qishloq xo‘jaligiga qo‘shgan hissasi, mahsulotlar sifatini oshirishdagi amaliy ishlari ko‘pchilikning diqqatini tortdi.
Ilmga bo‘lgan cheksiz ishtiyoq yosh olimni O‘zbekiston Fanlar Akademiyasining O‘simlik moddalari kimyosi institutiga olib keldi. Bu ilm dargohida o‘simliklar kimyosi bo‘yicha yangicha qarashlar, yangi texnologiyalarni tadqiq qilishga kirishdi. Uning mehnatlari samarasi – 150 dan ortiq ilmiy maqola, 2 ta ilmiy qo‘llanma va bir monografiya elon qilindi. Bu asarlar nafaqat o‘z davrida, balki kelajak uchun ham noyob ilmiy manba bo‘lib xizmat qiladi.
Hozirda Obidjon Abdilalimov ikki nafar tayanch doktorantga ilmiy rahbarlik qilmoqda va shogirdlarini ilm-fanga muhabbat bilan tarbiyalamoqda. Uning yetakchiligida yetishib chiqqan ko‘plab muhandis-texnologlar bugun yurtimiz ilm-fan rivojiga o‘z hissalarini qo‘shmoqda. Ustozning pedagogik va ilmiy faoliyati yosh avlodga ilhom baxsh etib, ularni kashfiyot va yangiliklarga undaydi.
Obidjon Abdilalimovning hayotiy yo‘li texnologiya va innovatsiyalar sari yo‘naltirilgan, bu esa uni nafaqat ustoz, balki haqiqiy ilm yo‘lboshchisi sifatida e’tirof etilishiga sabab bo‘lmoqda.