Muhandislik maktablari va texnoparklar faoliyatini tashkil qilishda Turkiya bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yildi

Ayni kunlarda Namangan muhandislik-texnologiya instituti rektori, professor Odiljon Mamatkarimov xizmat safari bilan Turkiya Respublikasida bo‘lib turibdi. U hozirda 3-O‘zbek-Turk rektorlar ta’lim forumida ishtirok etmoqda.

Forumdan oldin muhim hamkorlik muzokaralarini olib borish va muhandislik maktablari hamda texnoparklar faoliyatini tashkil etishda Turkiya bilan hamkorlik masalalarini muhokama qilish maqsadida, NamMTI rektori Istanbul Cerrahpasha universitetiga tashrif buyurdi.

Uchrashuv davomida vakillarimizga Istanbul universitetining boy tarixiy merosi, ilmiy-texnikaviy yutuqlari, zamonaviy laboratoriya va texnopark fondlari, shuningdek, texnofestlar va ishlab chiqarish integratsiyasi jarayonlari haqida batafsil ma’lumot berildi. Tomonlar bu sohalarda Namangan OTMlari bilan qanday yo‘nalishlarda hamkorlik qilish mumkinligi bo‘yicha keng muhokamalar o‘tkazishdi.

Muhokamalar yakunida muhandislik maktablari tashkil qilishda hamkorlik qilish, oliy ta’lim muassasalarini barqaror rivojlantirishda xalqaro hamkorlik istiqbollari, raqamlashtirish, sun’iy intellekt tizimlarini joriy etish va texnoparklar faoliyatini yo‘lga qo‘yishda Turkiya OTMlarining keng tajribalaridan foydalanish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Shuningdek, qo‘shma loyihalar va startaplarni yaratish maqsadida o‘zaro anglashuv protokoli imzolandi. Bu kelishuvlar Namangan muhandislik-texnologiya institutining texnologik va ilmiy salohiyatini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi. Rektorning xizmat safari davom etmoqda.

Translate »