Namangan muhandislik-texnologiya institutida favqulodda holatlar yuzaga kelganda tezkor evakuatsiya va xavfsizlik choralarini amalga oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli taktik o‘quv mashg‘uloti o‘tkazildi. Mashg‘ulotdan avval Namangan viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari talabalar bilan uchrashib, turli favqulodda holatlar sodir bo‘lganda nima qilish kerakligi bo‘yicha muhim tushunchalar berdi. Ushbu tushuntirishlar favqulodda vaziyatlarda to‘g‘ri va xotirjam harakatlanish ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratilgan bo‘lib, xavfsizlik qoidalariga alohida e’tibor qaratildi. So‘ng taktik mashg‘ulotga rasmiy start berildi.
Mashg‘ulot davomida 1-sonli talabalar turar joyidagi 310-xonada shartli yong‘in chiqdi. Yong‘inni bartaraf etish bo‘yicha tezkor harakatlar amalga oshirilib, barcha talabalar xavfsiz ravishda evakuatsiya qilindi. Institut favqulodda vaziyatlar xizmati va viloyat xavfsizlik vakillari tomonidan o‘tkazilgan tezkor harakatlar yong‘inni qisqa fursatda nazoratga olishga imkon berdi. Mashg‘ulot davomida yong‘in o‘chirish jarayonlari, talabalarni xavfsiz hududga olib chiqish va yong‘in xavfsizligi qoidalari bo‘yicha amaliy ko‘rsatmalar berildi.
Bunday mashg‘ulotlar institutda muntazam ravishda o‘tkazilishi rejalashtirilgan bo‘lib, talabalarning xavfsizlik madaniyati va ekstremal holatlarda tezkor qarorlar qabul qilish qobiliyatini rivojlantirishga qaratilgan. Ushbu tadbir orqali NamMTI xavfsizlik tizimi yanada takomillashadi va favqulodda vaziyatlarda muammolarni minimal talofatlar bilan bartaraf etish imkoniyati kengayadi.
©️Namangan muhandislik-texnologiya instituti Axborot xizmati