2024/2025 o‘quv yilida Namangan muhandislik-texnologiya institutida xorijlik talabalar uchun o‘quv jarayonlari muvaffaqiyatli boshlandi. Ushbu muhim voqeaga bag‘ishlangan tadbirda institut rektori, professor Odiljon Mamatkarimov ishtirok etib, talabalarga samimiy tilaklarini bildirdi va ularning o‘qishlarida muvaffaqiyat tiladi.
Joriy yilda institutga Bangladesh, Falastin, Rossiya, Hindiston, Pokiston va Zambiya kabi davlatlardan jami 16 nafar xorijlik talabalar qabul qilindi. Ular Iqtisodiyot fakultetining “Iqtisodiyot”, “Menejment” va “Turizm” ta’lim yo‘nalishlarida o‘z ta’lim faoliyatlarini boshladilar. Ular uchun zamonaviy talablarga mos sharoitlar yaratilgan bo‘lib, institut ularning o‘z bilim va ko‘nikmalarini yanada rivojlantirishlariga to‘liq imkoniyatlar yaratib beradi.
Xorijlik talabalarni qabul qilish va ularga yuqori sifatli ta’lim berish institutning xalqaro miqyosdagi nufuzi va ta’sir doirasini yanada kengaytirishga xizmat qiladi. Bu esa o‘z navbatida xalqaro hamkorlikni mustahkamlash va ta’lim tizimini global talablarga moslashtirishning muhim bosqichidir. Namangan muhandislik-texnologiya institutining xorijlik talabalar bilan ishlash bo‘yicha faoliyati nafaqat ta’lim jarayonida, balki ilmiy va madaniy sohalarda ham samarali natijalar berishi kutilmoqda.
Ushbu jarayon institutning xalqaro ta’lim sohasidagi muvaffaqiyatlarini yanada mustahkamlaydi va xorijiy talabalar bilan ta’lim almashinuvi jarayonining yangi bosqichini belgilab beradi.
©️Namangan muhandislik-texnologiya instituti Axborot xizmati