Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining 321-son buyrug’iga muvofiq, 2024/2025 o‘quv yiliga tayyorgarlikni baholash maqsadida vazirlik vakillari Xurshidbek Karimov hamda Bobomurod Sayitxonov Namangan muhandislik-texnologiya institutiga tashrif buyurishdi.
Tashrif davomida vazirlik vakillari institutning ta’lim jarayonlari, o‘quv rejalarining yangilanishi, infratuzilma va talabalarga yaratilgan sharoitlarni o‘rgandilar. Ular, shuningdek, talabalar turar joylari, laboratoriyalar va texnik jihozlar holati bilan yaqindan tanishishdi. Bu jarayonda ta’lim muassasasida amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilinib, kelgusida takomillashtirish zarur bo‘lgan jihatlar haqida tavsiyalar berildi.
Vazirlik vakillari institut qoshidagi akademik litseyga ham tashrif buyurib, u yerdagi o‘quv jarayonlari va iqtidorli yoshlar uchun yaratilgan sharoitlarni baholadilar. Litseyning zamonaviy o‘quv usullari va innovatsion yondashuvlari ta’kidlab o‘tildi.
Tashrif yakunida, vazirlik mas’ullari institut va litsey faoliyatini yuqori baholab, yangi o‘quv yilida sifatli ta’lim berish va ilmiy-innovatsion ishlarda yanada samarali natijalarga erishish lozimligini ta’kidladilar.
©️Namangan muhandislik-texnologiya instituti Axborot xizmati