Namangan muhandislik-texnologiya institutiga Yaponiyaning “АОКИ”, “Tokai Metal Industry” kompaniyalari va Yaponiya arxitektura va sanʼat akademiyasi rahbarlari tashrif buyurdi. Mehmonlarni institut rektori, professor Odiljon Mamatkarimov qabul qildi va rasmiy muzokaralar o’tkazildi.
Muloqotlar davomida NamMTI bitiruvchilarini Yaponiyaning “АОКИ”, “Tokai Metal Industry” kompaniyalariga ishga joylashtirish, mazkur kompaniyalarda amaliyot va qisqa muddatli stajirovkalarini tashkil qilish bo’yicha kelishuvlarga erishildi.
– Biz uchun Namangan muhandislik-texnologiya instituti bilan hamkorlik qilish juda muhim. Yaponiyaning “AOKI” kompaniyasi hamisha o‘z ishiga katta mas’uliyat bilan yondashadi va biz O‘zbekistondagi yoshlarning zamonaviy texnologiyalar va ishlab chiqarish jarayonlarini chuqurroq o‘rganishiga yordam berishni maqsad qilganmiz. Institut bitiruvchilari bizning kompaniyamizda amaliyot o‘tash va ishlab chiqarish jarayonlari bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘lishlari ularning kelgusidagi muvaffaqiyatlariga katta hissa qo‘shishiga ishonaman – deydi Yaponiyaning “АОКИ” kompaniyasi rahbari Shogo Noritsuisu.
Shuningdek, Yaponiya arxitektura va sanʼat akademiyasi bilan hamkorlikda kadrlar tayyorlash, ularni dunyo standartlari asosida o’qitish va maxsus sertifikatlarga ega bo’lishlari uchun yaqindan ko’mak berish masalalari ham muhokamalar markazida bo’ldi. Yakunda o’zaro manfaatli aloqalarni mustahkamlash bo’yicha kelishib olindi va yangi o’quv yili boshida mazkur kelishuvlar asosida amaliy harakatlarni boshlash rejalashtirildi.
©️Namangan muhandislik-texnologiya instituti Axborot xizmati