Oliy ta’lim muassasalarining ilmiy salohiyat ko‘rsatkichi sezilarli oshgan bo‘lsada, tizimda hamon jiddiy muammolar bor

Bugun respublika OTM da jami 5 ming 281 nafar doktorant tahsil olmoqda. O‘z navbatida, oliy ta’lim muassasalarining ilmiy salohiyat ko‘rsatkichi 2017 yilda 31,9 foizga teng bo‘lgan bo‘lsa, hozirda 39,3% foizga yetkazilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi mutasaddilari ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2017 yilga nisbatan 2021 yilda fan doktori ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiyalar himoyalari ikki va falsafa doktori ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiya himoyalari deyarli olti baravarga oshishiga erishildi.

Shuningdek, ilm-fan va innovatsiyalar sohasidagi natijalar oliygohlarning xalqaro darajada tan olinishida muhim ahamiyatga ega bo‘lmoqda.

Jumladan, 2021 yilda 4 ta oliy ta’lim muassasasi («TIQXMMI» MTU, O‘zMU, SamDU va TDTU) xalqaro e’tirof etilgan QS World University Rankingsning Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo – EECA mintaqaviy reytingida 251-400 o‘rinlarga kirdi. 2022 yilda O‘zbekiston milliy universiteti mazkur tashkilotning «Predmet (fan) reytingi»da «Matematika» bo‘yicha dunyoning eng kuchli 500 ta universiteti qatoridan joy oldi.

Matbuot anjumanida ta’kidlanishicha, 2021 yil yakunlariga ko‘ra, xalqaro loyihalar qiymati 72,8 million AQSh dollariga yetkazilgan. 14 ta oliy ta’lim muassasaci huzurida ilmiy-tadqiqot natijalarini amaliyotga joriy etishga ko‘maklashuvchi «Biznes-akseleratorlar», 40 ta oliy ta’lim muassasasida 47 ta «Inkubatsiya markazlari» faoliyat yo‘lga qo‘yilgan.

Respublika oliy ta’lim tizimida bir qator kamchiliklar ham aniqlangan. Unga ko‘ra, oliygohlarning bir maromda rivojlanmayotganligi, o‘rtacha ilmiy salohiyat 39,3 foiz bo‘lsa-da, 32 ta OTM va filiallarda bu ko‘rsatkich 30 foizni ham tashkil qilmaydi. Tayanch doktoranturada o‘z vaqtida dissertatsiyalarni himoya qilish ko‘rsatkichi atigi 50 foizni tashkil qiladi.

Shuningdek,ilmiy darajaga ega professor-o‘qituvchilar o‘rtacha yoshi yuqoriligicha qolmoqda. Jumladan, fan doktorlarining o‘rtacha yoshi 56 ni, falsafa doktorlari (PhD) o‘rtacha yoshi esa 47 ni tashkil qiladi.

Tanlovlarda qatnashishga yetarli e’tibor qaratilmasligi sababli, o‘tgan 2021 yilda 30 ta OTMda davlat ilmiy-texnik dasturlari doirasida birorta ham loyihalar bajarilmagan. Oliy ta’lim muassasalari tomonidan olingan patent va mualliflik guvohnomalari soni har 100 nafar professor-o‘qituvchilarga nisbatan o‘rtacha 8 tani tashkil qilgan holda, 10 ta oliy ta’lim muassasasida birorta ham patent va guvohnoma olinmagan.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA

Translate »