Maktab paytida odatda aksariyat qizlar adabiyot, tarix, o‘zbek, ingliz, rus tillari fanlariga qiziqishsa, o‘g‘il; bolalar matematika, fizika, kimyo singari aniq va tabiiy fanlarni yaxshi ko‘rishlari bilan ajralib turadilar.
Maftunaxonda esa ijtimoiy-gumanitar, ham aniq va tabiiy fanlarga ham muhabbat kuchli edi. Faqat a’lochi o‘kuvchilargagina quyiladigan bu talabning yonida musiqaga nisbatan iqtidor mujassamligi havasingizni uyg‘otadi.
Marg‘ilon shahridagi 9-sonli musiqa va san’at maktabida besh yil tahsil olgan qizaloq respub¬lika mikyosidagi «Yangi avlod», Muhiddin Qori Yoqubov nomidagi taklovlarda g‘olibpikni qo‘lga kiritdi. Bundan tashqari, milliy kurash bilan shug‘ullanish uchun sport maktabiga qatnadi.
O‘rta maktabdan so‘ng Marg‘ilondagi akademik litseyning xorijiy tillar yo‘nalishida tahsilni davom ettirdi. Ingliz tili bilan birga fizika, matematikaga mehr qo‘ydi. Yaqinlarini, do‘stlarini bir savol o‘ylantirardi: «Hamma sohada o‘zini sinayotgan bu qiz qaysi kasbning etagidan tutarkin?».
Kelajagini o‘zi hal qildi: otasining tenderlarda g‘olib chiqadigan chizmalari bilan yonma-yon yashagan Maftuna hujjatlarini Namangan muhandislik-texnologiya institutiga topshirdi. Aslida bor ekan shekilli, davlat granti asosida tabiiy tolalarni dastlabki ishlash texnologiyasi ta’lim yo‘nalishiga o‘qishga qabul qilindi. Mana to‘rt yildirki, Maftuna Hakimova ismi sharifi yoniga «tashabbuskor va intiluvchan talaba» atamasini qo‘shib aytadigan bo‘lishdi.
O‘qishdan tashqari jamoat ishlarila faolligi, o‘ta serg‘ayratligi tufayli ustozlari. tengdoshlari hurmatini, mehrini qozondi. Institutdagi turli tanlovlarda, ma’naviy-ma’rifiy, ilmii-amaliy tadbirlarda tashkilotchiligini ko‘rsata oldi. Kamtar, kamsuqumligi, atrofidagilarga mehr-oqibatliligini namoyon etdi. Shunchaki a’loga o‘qish, faolligi bilan chegaralanmay o‘z oldiga mustahkam maqsadni qo‘ydi: kelgusida yirik ilmiy ishlarni amalga oshirib, o‘zi havas qilgan ustozlaridek olim va pedagog bo‘ladi!
Qat’iy ahdni yuragiga tukkan qiz o‘zi behad hurmat qilgan domlalaridan bo‘lmish tabiiy tolalarni dastlabki ishlash kafedrasi professori Rustamjon Murodov huzuriga borib, ilmiy tadqiqot olib borish niyatida ekanligini aytdi. Unga ustoz tomonidan paxtani mayda iflosliklardan tozalash mashinasining samaradorligini oshirish mavzusi berildi.
Maftuna bu borada qilingan barcha ilmiy-tadqiqot ishlarini amaliyot bilan bog‘lab chuqur o‘rgandi. Ajabo, dunyoda shu-uncha nazokatli, nafosatli kasblar turganda dastgohlar, temir-tersaklar bilan «tillashib», yangicha bir andozalarni o‘ylab topsa-ya?!
U bitta qoziqli baraban yordamida paxtani mayda iflosliklardan tozalash mumkinligini isbotlab berdi. Bunda qoziqli barabanni qiya o‘rnatib, paxta harakatini o‘q ouylab amalga oshirish yo‘li bilan erishdi. Ixtirosi kelgusida paxta tozalash korxonalarida yuqori samara berib ishlashi mumkinligini Kosonsoy paxta tozalash korxonasida tajribadan o‘tkazdi.
– Maftunaning taklifi paxtaning ifloslik darajasiga qarab, uni ishchi kamerasida bo‘lish vaqtini kamaytiradi, – deydi korxona bosh muhandisi Najmiddin Nasriddinov. – Buning uchun qurilmaning qiyalik burchagini o‘zgartirish kerak. Bu paxtani iflosliklardan tozalash jarayonida chigit shikastlanishiga yo‘l qo‘ymaydi.
Talaba qizning yangiligini Namangan muhandislik-qurilish institutida bo‘lib o‘tgan xalqaro anjumanda professor Sobirjon Razzoqov tomonidan ham e’tirof etilishi unga qanot bag‘ishladi. Izlanishlari natijalarini Skopus bazasiga kirgan xorijiy ilmiy jurnallarda ham chop etishga muvaffaq bo‘ldi. Sohaga doir nufuzli anjumanlarda ishtirok etdi.
Maftunaning sabr-bardoshtalab mehnatlari o‘zining shirin mevalarini bera boshladi. «Yil talabasi-2020» tanlovining «Yilning eng faol ixtirochi-innovator talabasi» nominatsiyasi buyicha g‘oliblikni qo‘lga kiritib, respublikaga yo‘llanma oldi. Ilmiy-ijodiy, ijtimoiy urinishlari ibratli deb topilib, Beruniy nomidagi Davlat stipendiyasiga munosib ko‘rildi. Bu rag‘bat uning kuchiga-kuch, g‘ayratiga yuz g‘ayrat qo‘shayotgani shubhasiz.
– Maftuna Xakimova institutimiz yulduzlaridan. Bilimda puxta bo‘lishidan tashqari fe’lidagi qat’iyat, mehnatdan, qiyinchiliklardan cho‘chimasligi – shunday deyishimga izn beradi. Bunday yoshlar oliy ta’lim dargohimizning, mamlakatimiz yengil sanoatining ishonchi, kelajagi bo‘lishiga ishonamiz, – deydi texnika fanlari doktori, professor Rustamjon Murodov.
Ha, ayrim talabalar vaqti kelsa darslarini ham eplab-eplolmay turganda bu talaba o‘qishni, jamoatchilik yumushlarini qoyillatish bilan birga kelinlik, rafiqalik burchlarini ham yaqinlarini rozi qilgan holda chiroyli ado etayotir. Nega deysizmi? Marg‘ilondan Namanganga ilm istab yo‘lga chiqqan qizning taqdir rishtalari ham viloyatimiz, aniqrog‘i, Norin tumani bilan bog‘landi. Kursdoshi Abrorjon bilan turmush qurishdi. Yosh oila, ikki talaba bir-birlarini mehr-muhabbat ila tushunib, qo‘llab-quvvatlab KATTA YO‘Lga chiqqanlar. Shaxsan Maftuna Hakimova-Yusupovaning kelajagidan, tanlagan manzilining nurafshon ekanidan ko‘ngli to‘q. Bizning ham bunga iymonimiz komil.