Institut haqida

Namangan muhandislik-texnologiya institutinging 3-o'quv binosi

Namangan muhandislik-texnologiya instituti mustaqil O‘zbekiston Respublikasining ko‘zga ko‘ringan ilm va ziyo maskani bo‘lib, hozirgi Markaziy Osiyo davlatlari oliy o‘quv yurtlari orasida munosib o‘rin tutadi. Chunki institutning kechgan 45 yildan ziyodroq tarixi O‘zbekistondagina emas, butun Markaziy Osiyo, balki undan ham kengroq, jo‘g‘rofiy mintaqadagi mutaxassis kadrlar tarbiya topgan nufuzli maskan — Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutining shonli yo‘li bilan chambarchas bog‘liqdir. Zero mazkur institutga 1968-yilda asos solingan edi. Binobarin 60-yillarning oxirida Namanganda va butun Farg‘ona vodiysida to‘qimachilik va yengil sanoatni keskin rivojlantirish, unga ko‘proq malakali mutaxassis kadrlar yetishtirish masalasi bo‘yicha katta ehtiyoj sezilardi. Bu ehtiyoj asosida yirik institut shaxobchasining ochilishi o‘sha davr uchun g‘oyat muhim ijtimoiy va madaniy hodisa bo‘ldi.

Namangan muhandislik-texnologiya institutiga asos solishda, uning rivojlanishida va taraqqiy etib bugun yetuk ilmiy maskanga aylanishida Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti jamoasining, Oliy ta’lim vazirligining, ko‘plab ko‘zga ko‘ringan fidoiy olimlarning munosib o‘rni va hissasi bor. Biz ularni alohida hurmat va faxr iftixor bilan tilga olamiz.

Eng avvalo mazkur institutni o‘quv-maslahat punkti sifatida tashkil etishga akademik M.A.Xojinova bosh-qosh bo‘lganlar. Institut rektorlaridan akademik T. R. Rashidov, professor B. G. Qodirov, dotsent M. F. Axmedov katta yordam ko‘rsatganlar.

Dastlab o‘quv-maslahat punkti sifatida ochilgan bu dargohda talabalar ishlab chiqarishdan ajralmagan holda o‘qir edilar.

(1968-1976 yillarda) O‘quv maslahat punktiga texnika fanlari nomzodi, dotsent, Soliyev Xamid Soliyevich rahbarlik qildi. O‘shanda atigi bir kishi fan nomzodi edi.

Ilk tashkil topgan bu ilm maskani Namangan shahrining markazida joylashgan bo‘lib, uning 2 ta o‘quv auditoriyasi bo‘lgan.

1977 yilga kelib, bu o‘quv-maslahat punkti umumtexnika fakultetiga aylantirildi. Shu davr ichida Namangan shoyi va kostyumbop gazlamalar kombinati (hozirgi Namangan tekstil ishlab chiqarish hissadorlik jamiyati) otalig‘idagi 2-kichik tumanda yangi qurilgan o‘quv binosiga ko‘chib o‘tdi. Bu 4 qavatli binoda o‘quv-tajriba ishlarini nisbatan keng va mazmunliroq tashkil etish imkoniyati yaratildi. Fakultetga fizika-matematika fanlari nomzodi, dotsent Xusanov Xamidulla Sultonovich dekan etib tayinlandi. Uning sa’yi-harakatlari bilan ilm dargohida sezilarli o‘zgarishlar qilindi. Talabalar soni 500 kishiga yetdi. Ularga ta’lim bergan professor-o‘qituvchilardan 6 kishi fan nomzodlari va katta o‘qituvchilar edi.

1981-yili umumtexnika fakulteti Toshkentdagi bosh institutning shaxobchasiga aylantirildi. Bu vaqtga kelib talabalar soni jami 750 kishiga yetdi. Shaxobchaga o‘shanda t.f.n., dotsent Ahmadxo‘jayev Xamid Tursunovich boshliq bo‘ldi. Unga asosan to‘quvchilik va yigiruvchilik mutaxassisliklari bo‘yicha yoshlar qabul qilindi. 1984-yildan kechki va sirtqi bo‘limlarda “To‘quvchilik, paxta va-kimyoviy tolalarni yigirish”, “To‘qimachilik mashina va apparatlari” mutaxassisliklari bo‘yicha dastlabki diplom ishlari Namanganda himoya qilindi.

Bunday diplom himoyalari 1987-yildan boshlab kunduzgi bo‘lim bitiruvchi talabalari tomonidan ham amalga oshirildi.

O‘sha vaqtda muhandislik mutaxassisligi bo‘yicha 390 kishi kunduzgi, 700 kishi kechki, sirtqi bo‘limlarda 560 kishi ta’lim olganlar. 1988-yilga kelib, shaxobcha 3-kichik tumanda joylashgan binoga ko‘chib o‘tdi. O‘sha yildan boshlab iqtisod fanlari nomzodi, dotsent Nabiyev Xamidxon Nabiyevich direktor qilib tayinlandi.

1990-yildan “To‘qimachilik sanoati iqtisodiyoti va uni boshqarish” mutaxassisligiga birinchi marta 25 talaba qabul qilindi. Shu vaqtdan iqtisodchi mutaxassislar tayyorlash masalasiga alohida e’tibor berildi. Keyinchalik 30 talaba shu mutaxassislik bo‘yicha o‘zbek va rus guruhlariga qabul qilindi.

1992 yilga kelib iqtisodiyot yo‘nalishida yangi mutaxassislik, ya’ni “Sanoatda buxgalteriya hisobi, nazorati va tahlili” bo‘yicha ta’lim yo‘lga qo‘yildi.

1993-yildan “To‘qimachilik sanoati — iqtisodi va uni tashkil etish”, “To‘qimachilik mashinalari va apparatlari”, “To‘quvchilik”, “Poyafzal texnologiyasi”, “Xalq xo‘jaligini yuritish va buxgalteriya hisobi”, “Moddiy resurslarni boshqarish va ishlab chiqarish vositalari” ulgurji savdosini tashkil etish” mutaxassisliklari ochildi.

Shuni mamnuniyat bilan qayd etish kerakki, 1991-yil 1 sentyabr Vatan va millat tarixidagi kabi institut tarixida ham eng buyuk va o‘chmas kun bo‘lib qoldi. Chunki xalqimizning asriy orzusi ming-minglab o‘tgan insonlarning ezgu orzu va armoni bo‘lib qolgan milliy Istiqlol tinch va demokratik yo‘l bilan qo‘lga kiritildi. Shundan e’tiboran hur diyor va millat taqdirida tub burilish, ozodlik, o‘z taqdirini o‘zi belgilash va o‘zini anglash davri boshlandi. Aytish mumkinki, ana shu tarixiy burilish bu bilim dargohi zimmasiga ham katta mas’uliyat va tamoman yangicha vazifalarni yukladi.

1992-yildan, ayniqsa institutda iqtisodiyot yo‘nalishi bo‘yicha ta’lim olayotgan talabalar soni ortib bordi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan belgilangan tarkibga binoan hamda o‘qish jarayonini takomillashtirish va ta’lim sifatini yaxshilash maqsadida iqtisodiyot mutaxassisligiga bo‘lgan talab-ehtiyojlar ortib borishini hisobga olib, “Iqtisod fakulteti” tuzish maqsadga muvofiq, deb topildi.

O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimovning 1992-yil 28 fevraldagi “Respublikaning yangi oliy o‘quv yurtlarini tashkil qilish” to‘g‘risidagi Farmoniga asosan Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti Namangan shaxobchasi negizida mustaqil Namangan muhandislik-iqtisodiyot instituti (NMII) tashkil topdi. Institutning birinchi rektori etib iqtisod fanlari nomzodi, dotsent Nabiyev Xamidxon Nabiyevich tasdiqlandi.

Institutning 1993-yil 26 apreldagi ilmiy kengashining 7-sonli qaroriga asosan kunduzgi bo‘lim texnologiya fakultetini 2 ta mustaqil fakultetlarga, ya’ni “Texnologiya” va “Iqtisodiyot-mexanika” fakultetiga ajratildi. Bu qarorga asosan “To‘qimachilik sanoati iqtisodi va uni boshqarish”, “Sanoatda buxgalteriya hisobi, nazorati va tahlili” hamda “To‘qimachilik mashina va apparatlari” mutaxassisliklari talabalari “Iqtisodiyot-mexanika” fakultetiga birlashtirildi.

1993-yildan fakultetda “Marketing” mutaxassisligi bo‘yicha talabalikka qabul qilish boshlandi.

1993-1994 o‘quv yilida “Iqtisodiyot-mexanika” fakultetidagi talabalarning umumiy soni ko‘payishi hisobiga boshqarish ancha murakkablashib qoldi. O‘quv jarayonini to‘g‘ri tashkil etish va uni amalga oshirish, talabalar o‘rtasida ta’lim-tarbiya ishlarini yaxshilash maqsadida fakultetni 2 mustaqil fakultetga ajratish ehtiyoji tug‘ildi. Institutning 1994-yil 28 martdagi ilmiy kengashining 5-son qaroriga asosan va rektoratning o‘sha yil 19 apreldagi buyrug‘i bilan “Iqtisodiyot-mexanika” fakulteti 2 ta mustaqil, ya’ni “Iqtisod” va “Mexanika” fakultetlariga bo‘lindi. Shu vaqtga kelib institutda 3 ta kunduzgi bo‘lim va 1 tadan kechki va sirtqi fakultetlar faoliyat ko‘rsata boshladi, keyinchalik esa kafedralar soni 14 taga yetkazildi.

1998-2005 yillarda Ahmadxo‘jayev Xamid Tursunovich raxbarlik qildi.

2004-2005 yillar davomida institutni Xojiyev Abduraxim Xojiyevich raxbarlik qildi.

2009-yil 1 iyuldan buyon Fizika-matematika fanlar doktori, professor, Oliy Majlis Senati a’zosi Mamatkarimov Odiljon Oxundadayevich rahbarlik qilib kelmoqda.

Namangan muhandislik-iqtisodiyot instituti O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2011-yil 20 maydagi “Oliy ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash sifatini tubdan yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi PQ-1533-sonli qarori ijrosini ta’minlash yuzasidan bir qator ijobiy ishlar amalga oshirildi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 25 iyuldagi 212-sonli qarori ga asosan, Namangan muhandislik-iqtisodiyot instituti (NamMII) Namangan muhandislik-texnologiya instituti (NamMTI) ga aylantirildi.

Institut faoliyatining asosiy yo‘nalishlari to‘qimachilik, yengil sanoat, va matbaa sanoati tarmoqlari, oziq-ovqat maxsulotlari texnologiyasi, elektr-eneregetika texnologiyasi uchun mashina va asbob-uskunalar, kimyo texnologiyalari, texnologik jarayonlarni avtomatlashtirish, manzarali bog‘dorchilik va ko‘kalamzorlashtirish yo‘nalishlari bo‘yicha mutaxassislar tayyorlashdan iboratdir.

O‘quv dargohida dastlab talabalar soni jami 750 nafar bo‘lgan bo‘lsa , hozirgi kunda 3500 nafardan ortiq 23 ta ta’lim yo‘nalishida bakalavrlar, 7 ta mutaxassislik bo‘yicha raqobatbardosh magistrlar tayyorlanmoqda. Shuningdek, NamMTI va Saratov Davlat Texnika Universiteti Qo‘shma fakulteti 2018 yil 28 avgustdagi ikki tamonlama shartnomaga asosan tashkil etildi. Qo‘shma fakultetda 3 yo‘nalishda bakalavrlar kadrlar tayyorlash faoliyati boshlandi. 05.06.02 “To‘qimachilik materiallari texnologiyasi va xom-ashyoga dastlabki ishlov berish” mutaxassisligi bo‘yicha katta ilmiy xodim izlanuvchilar yetkazib berilmoqda. Institut tarkibida 5 ta fakultet, 18 kafedra, ixtisoslashtirilgan litsey, 6 ta ilmiy — tadqiqot laboratoriyalari “Gulchilik markazi” va “Innovatsion texnologiyalari markazi” faoliyat yuritmoqda.

Institutda fanlardan yetishmaydigan darslik va o‘quv-qo‘llanmalar yaratilish rejasiga asosan, 2015-2018 yilgacha 15 ta darslik, 22 ta o‘quv qo‘llanma tayyorlandi va chop ettirildi.

Institutda iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va ularni rag‘batlantirishga alohida e’tibor qaratilgan.

Institutda tayyorlangan kadrlar “Namangan Paxtasanoat” XAB, “Namangandonmahsulotlari” OAJ, “O‘zvinosanoat-holding” kompaniyasi “Namangan tola tekstil” MChJ, “Namangan karbonam” AJ, Namangan “Mexmash” MChJ, “Namimpeks-Tekstil” MChJ, Kosonsoy “Al-Aziz” MChJ, “Uz-Texs” MChJ, “Dambog‘” poyafzal savdo ishlab chiqarish xususiy korxonasi, “Vodiy” yog‘och savdo hissadorlik korxonasi, “Kosonsoy to‘qimachi” MChJ, “Karbonam” MChJ, “Infin” bank, “Asaka” bank, “Xamkor” bank, “Ipak yo‘li” bank, “Trast” bank, “Ipoteka” bank, “Qishloq-Qurilish” bank, “Milliy” bank, “Aloqa” banklari viloyat hamda Respublika miqyosida, hamda Namangan elektr tarmoqlari aksiyadorlik jamiyatida va boshqa xalq xo‘jaligini turli soxalarida yetakchi mutaxassis bo‘lib samarali faoliyat ko‘rsatmoqdalar.

Raqamli ta’lim texnologiyalari markazi | NamMTI

Translate »