5150907 – “Dizayn (kostyum)” ta’lim yo‘nalishi uchun ijodiy imtihon dasturi va baholash mezoni

Kirish

Kostyum – bu insonning individualligini yoki ijtimoiy guruhni ifodalovchi muayyan obrazli badiiy sistema. Yelka va bel kiyim, bosh kiyim, bezaklar, grim, soch turmagi, tanani bo‘yash, uning shaklini o‘zgartirish-bularning barchasi birgalikda kostyumni tashkil etadi.

Libos – insonni nafaqat muhit ta’siridan himoya qilish, balki muayyan etnosga xos bo‘lgan belgili tushunchalar majmuini o‘ziga singdirgan estetik ma’lumotni yaratishga mo‘ljallangan kiyimlarning tarkibiy qismlari va buyumlar tizimidan tarkib topgan uyg‘unlikdir. Libos bir paytda kiyiladigan ustki va ichki kiyim, bosh kiyimi va belbog‘, shuningdek, soch turmagi va zeb-ziynatlarni o‘zida birlashtiradi. Faqat shundagina uyg‘un libos haqida fikr yuritish mumkin.

O‘zbekiston mustaqillikka erishgach, an’anaviy liboslar, ularning tarixi va bezaklariga alohida e’tibor berilmoqda. Mamlakatimizda ibratli an’ana va qadriyatlarimizni asrab avaylash, madaniyatimiz va san’atimizni tobora rivojlantirish yo‘lidagi ezgu sa’y-harakatlar yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ularning badiiy did va tafakkurini to‘g‘ri shakllantirishga xizmat qiladi.

Rеspublikamizda badiiy ta’lim islohotlarini yanada chuqurlashtirish, sohalar bo‘yicha malakali kadrlarni tayyorlash borasida, ularning kasbiy xususiyatlarini rivojlantiruvchi, shuningdеk, iqtidorli, ijodkor mutaxassis ko‘nikmalarini o‘zida namoyon etuvchi va sohaga qiziqish uyg‘ota oluvchi, o‘z yo‘nalishi va uslubini topishda, ayniqsa badiiy loyihani yеchimi, kostyum kompozitsiyasini mazmun va mohiyati jihatidan mukammalligi uchun muhim bo‘lib, ijodiy tasavvurni, obrazli- konstruktiv tafakkur va mantiqiy fikrlash ko‘nikmalarini aniqlashda, hamda malakali dizaynеrlar tayyorlash uchun “Kompozitsiya” fan sifatida zaruriyati juda katta.

5150907 – “Dizayn (kostyum)” ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha ijodiy imtihon dasturi o‘rta maxsus va kasb-hunar kollejlaridagi dizayn fani dasturi asosida tuzilgan bo‘lib, abituriyentlarning amaliy ko‘nikma va malakalarini aniqlash maqsadida o‘tkaziladi. 5150907 – “Dizayn (kostyum)” ta’lim yo‘nalishiga hujjat topshirgan abituriyеntlar ijodiy imtihonda kompozitsiya fanidan amaliy ish bajaradilar. Bajarilgan vazifalar tasdiqlangan mezon asosida baholanadi.

“Kompozitsiya” fanidan jami: 186 ball.

1. “Kompozitsiya” fanining maqsadi va vazifalari

Kostyumni yaratish – bu kiyimning xilma-xil shakl va konstruksiyalarini doimo izlash jarayonidir, libos, eskiz elementlarini ishlash hamda loyihani matеrialda bajarishgacha bo‘lgan bir nеcha bosqichlarni o‘z ichiga oladi.

Kompozitsiya – barcha san’at turlarini asosiy tushunchasi bo‘lgani uchun talabalar ushbu tushunchaga oid qoidalarni bilishi kеrak.

Kompozitsiya kursi talabalarda obrazli o‘ylashni, fantaziyani, didning takomillashuvini hamda ijodiy qobiliyatlarni rivojlantiradi, dizaynеrlik faoliyati

mobaynida korxonalarda liboslarni, badiiy loyihalash, milliy moda va uslub yaratishda kasbiy bilim va ko‘nikmalarni hosil qiladi.

Ijodiy imtihonning asosiy maqsadi – institutga kiruvchining kasbiy layoqatini, ijodiy qobiliyatini va badiiy tayyorgarlik darajasini, obrazli-konstruktiv tafakkurini hamda yangi modеllar eskizlarini ishlab chiqishi ko‘nikmalarini aniqlash. Abituriyentning quyidagi bilimlarini va qobiliyatini aniqlashdan iborat:

– shakllarni emotsional va hissiy qabul qilish, ifodali va mantiqiy fikrlash qobiliyati;

– fazoviy va konstruktiv fikrlash mahorati;

– original obraz, g‘oyani topa olish, fantaziya, tasavvur qilish qobiliyati;

– shaxsiy mualliflikdagi eskiz va badiiy grafika;

– emotsional ranglar holatini, syujet va tasavvur, ranglar gammasini idrok qilishi va ifodalashi;

– berilgan mavzuning kompozitsiyaviy va rang yechimlarining o‘zaro uyg‘unligi.

2. 5150907 – “Dizayn (kostyum)” ta’lim yo‘nalishiga kiruvchi abituriyentlar uchun fanlardan ijodiy imtihon dasturi

“Kompozitsiya” fani bo‘yicha

Imtihonda abituriyentlar tomonidan turli tеxnikada (akvarel, grafika, kollaj, applikatsiya va b.) berilgan mavzu bo‘yicha milliy liboslar to‘plami kompozitsiyasi bajariladi.

Kompozitsiya A3 formatdagi qog‘ozda 160 daqiqa mobaynida bajariladi. Har bir abituriyentning kompozitsiya ishlari bitgandan so‘ng maxsus ishlab chiqilgan va tasdiqlangan, baholash mezoni asosida maksimal 186-balli shkala bo‘yicha baholanadi.

1. Kompozitsiya bo‘yicha imtihon maxsus jihozlangan auditoriyada o‘tkaziladi.

2. Imtihon jarayonlariga abituriyentning harorati tekshirilib so‘ngra dezinfeksiya qilingan auditoriyalarga guruh nazoratchisi hamrohligida kiritiladi.

3. Yuz niqobi hamda bir martalik tibbiyot qo‘lqoplarida bo‘lishlari lozim.

4. Auditoriyada abituriyentlar bir-biridan kamida 2 metr masofa oralig‘ida joylashtiriladi (auditoriyaga kirishdan avval abituriyent raqam olib mazkur raqamdagi stolga borib joylashadi).

5. Abituriyent amaliy ish bajarish uchun qabul komissiyasi tomonidan muhrlangan qog‘oz (A3) beriladi. Har bir abituriyentga imtihon varaqasi rasmiylashtiriladi.

6. Imtihonda qatnashishga imtihon varaqasi va pasport asosida ruxsat beriladi. Imtihonga begona shaxslarning kirishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

7. Vazifalarni berish, ishni bajarish oldidan imtihon oluvchining bajariladigan ish tartibini tushuntirishi, titul varaqasini to‘ldirish kabilar ushbu ishni bajarish uchun ajratilgan umumiy vaqt reglamentiga kiradi.

8. Har bir auditoriyada abituriyentlar bilet tanlash asosida bir mavzu tanlaydilar.

Imtihonda har bir abituriyent quyidagi zarur jihozlarga ega bo‘lishi kerak:

– A3 formatdagi qog‘oz;

– har xil yumshoqlikda grafit va rangli, uchi o‘tkirlangan qalamlarga;

– avtomat tarzda ishlaydigan 0,5 va 0,7 mm qalinlikdagi grifellarga ega qalamlar (dozatorlar);

– yumshoq o‘chirg‘ichlar;

– qalam ochish uchun ochqich yoki skalpel;

– kompozitsiyani rangda bajarish uchun akvarel, guash bo‘yoqlari, moy qalam, geleviy ruchkalar va suv uchun idish.

Bundan tashqari kompozitsiyani bajarayotganda abituriyent o‘zining turli texnik qobiliyatlariga bog‘liq boshqa instrumentlarga ham ega bo‘lishi mumkin, lekin quyidagilarga ruxsat etilmaydi:

– moy bo‘yoq asosidagi bo‘yoqlar va uzoq vaqtni (15 minutdan ortiq) talab etadigan bo‘yoqlar;

– maxsus qotish jarayonini talab qiladigan pastel va chizilgan kompozitsiya yengil o‘chib ketadigan badiiy materiallardan foydalanish.

9. Zarur bo‘lgan hollarda abituriyentning arizasiga muvofiq buzilgan qog‘oz almashtirib berilishi mumkin, bunda dastlabki qog‘oz yo‘q qilinadi. Yangi berilgan qog‘oz ham shtampli bo‘lishi lozim. Abituriyent qog‘ozni almashtirganda vazifa uchun ajratilgan vaqtga qo‘shib bermasligi to‘g‘risida oldindan ogohlantiriladi.

10. Abituriyentlarga bajargan ishiga imzo, biror bir belgi qo‘yish va suratga olish qat`iyan taqiqlanadi.

11. Bajarilgan ish qabul komissiyasiga topshiriladi va ular shifrlangandan so‘ng fan komissiyasi tomonidan tasdiqlangan baholash mezonlariga muvofiq ball tizimida baholanadi. Qo‘yilgan ballar so‘z bilan ham yoziladi va baholar qog‘ozning ish bajarilgan tomonida bo‘lishi lozim;

12. Baholar imtihon varaqasi va imtihon qaydnomalariga ko‘chiriladi. “Kompozitsiya” fani bo‘yicha imtihon bahosi natijalari 1-3 kun muddatda institut rasmiy “web-saytida” e’lon qilinadi.

13. Baholangan ishlar apellyatsiya o‘tkazish uchun qabul komissiyasida qoladi, (abituriyentlarga qaytarib berilmaydi).

14. Abituriyentlar oliy ta’lim muassasasi tomonidan tashkil etilgan sanitariya gigiyena qoidalarini so‘zsiz bajarishlari shart. Mazkur qoidalarga abituriyentlar tomonidan amal qilmaslik imtihon tartiblarini buzgan hisoblanadi va fan bo‘yicha imtihon komissiyasi raisi hamda guruh nazoratchilari tomonidan dalolatnoma tuzilib chetlashtiriladi.

“Kompozitsiya” fanidan imtihon topshiruvchi abituriyеntlar quyidagi shartlarni bajarish lozim:

– kompozitsiya mavzusi original jihatdan topilganligi, ishning kompozitsion g‘oyaviy mazmundorligi;

– badiiy ifodaning mutaxassislikka mosligi, turli shakllarning kompozitsion jihatdan to‘g‘ri ishlatilganligi;

– chizilgan eskizlarning bir-biriga uyg‘unligi, elеmеntlarning to‘g‘ri topilganligi;

– bеrilgan topshiriqning mazmuni, ma’nosi to‘liq ochilganligi, bajarilgan ishni ashyoda noziklik bilan ishlanish mahorati, ishning tugatilganligi.

5150907 – «Dizayn (kostyum)» ta’lim yo‘nalishi kompozitsiya bo‘yicha ijodiy imtihoni uchun mavzular ro‘yxati

1. Romantik uslubidagi ayollar bashang kostyumi.

2. Pret-a-porte uslubidagi ayollar kundalik kostyumi.

3. Sport uslubidagi ayollar kostyumi.

4. Klassik uslubidagi ishbilarmon ayollar kostyumi.

5. Klassik uslubidagi ishbilarmon erkaklar kostyumi.

6. O‘zbеk milliy kostyumi elеmеntlarini qo‘llab yoshlar kostyumi.

7. Ayollar dam olish kostyumi.

8. Bolalar kostyumi.

9. Erkaklar sport uslubidagi kostyumi.

5150907 – “Dizayn (kostyum)” ta’lim yo‘nalishining ijodiy imtihonda “Kompozitsiya” fani bo‘yicha abituryiеnt tomonidan bajarilgan amaliy ish quyidagi mezon asosida baholanadi:

Izoh: Abituriyentlarning natijalarini baholash, kо‘rsatgan natijalariga muvofiq 100 (yuz) dan 1 (bir) ulushda baholanadi.

Ushbu talablarning barchasini bajargan abituriyentlar eng yuqori 186 ballga ega bo‘ladi.

Ijodiy imtihonlar bo‘yicha ijodiy sinovlar o‘tkazuvchi komissiya a’zolari mutaxassislik kafedralari professor-o‘qituvchilari tarkibidan jalb etiladi.

3. Apellyatsiya tartibi

Abituriyеntlar tomonidan ijodiy imtihon natijalari bo‘yicha institut qabul komissiyasining apеllyatsiyalar bilan ishlash hay’atiga natijalar e’lon qilingan kundan boshlab 24 soat davomida murojaat qilishlari mumkin.

Apellyatsiya tartibiga ko‘ra arizachining faqat o‘z ishini baholanishi doirasidagi e’tirozi qabul qilinadi va ko‘rib chiqiladi.

Raqamli ta’lim texnologiyalari markazi | NamMTI

Translate »