“O‘zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida Prezidentning sog‘liqni saqlash sohasi vakillari bilan ochiq muloqoti bo‘lib o‘tmoqda.

Unda Prezidentimiz sog‘liqni saqlash muassasalarini malakali kadrlar bilan ta’minlash masalasiga to‘xtaldi. Jumladan 2022-2023 o‘quv yilidan:

– tibbiyot oliygohlariga davlat grantlari asosida qabul kvotalari, hududlarda shifokorlarga bo‘lgan haqiqiy ehtiyojdan kelib chiqib, maqsadli oshirib boriladi;

– ftiziatriya, gematologiya, nefrologiya, pulmonologiya, psixiatriya, shoshilinch tibbiy yordam, laboratoriya ishi, yuqumli kasalliklar kabi 15 ta tor sohadagi mutaxassislik bo‘yicha magistraturaga davlat grantlari 4 baravarga oshiriladi;

– 11 ta tibbiyot oliygohida olti oylik ixtisoslashgan kurslar tashkil etilib, har yili 500 nafardan oilaviy shifokorni hududlardagi eng zarur tor soha mutaxassisligi bo‘yicha maqsadli o‘qitish dasturi amalga oshiriladi.

Bundan tashqari, tibbiyot oliygohlarining magistratura bosqichida va bakalavriatning 5–6-kurslarida o‘qiyotgan talabalarga, yo‘llanma asosida, birlamchi va tez yordam tizimida shifokor bo‘lib ishlashga ruxsat beriladi.

Endi barcha tibbiyot kollejlari va texnikumlari oliy ta’lim muassasalariga biriktiriladi. Oliygohlar ta’lim va amaliyot sifati uchun bevosita mas’ul bo‘ladi.

Tibbiyot oliygohlarining klinikalari, respublika tibbiyot markazlari, ularning filiallari va shifoxonalar tibbiyot kollejlari va texnikumlari uchun klinik baza bo‘lib xizmat qiladi.

Translate »