Oziq-ovqat yo’nalishi uchun yangi laboratoriya ishga tushirildi

Namangan muhandislik-texnologiya institutida talabalarning bilimlarini amaliyotda sinash va mustahkamlash maqsadida “Oziq-ovqat texnologiyasi” yo‘nalishida yangi “Tomat mahsulotlarini ishlab chiqarish texnologiyasi” laboratoriyasi foydalanishga topshirildi. Ushbu zamonaviy laboratoriya joriy yilning 20-iyun kuni davlat rahbari boshchiligida o‘tgan yig‘ilishda belgilangan vazifalardan biri sifatida tashkil etilib, muhandislik yo‘nalishidagi ta’lim tizimini yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qiladi.

Laboratoriya “Kimyo-muhandisligi”, “Oziq-ovqat texnologiyasi” va “Biotexnologiya” yo‘nalishlaridagi 150 dan ortiq laboratoriya mashg‘ulotlarini o‘tkazishga imkon yaratadi. Bu yerda talabalarga tomat mahsulotlarini, shuningdek, jem, murabbo va tomat pastasini qayta ishlashning zamonaviy texnologiyalari bilan tanishish va nazariy bilimlarini amaliyot bilan boyitish imkoniyati taqdim etiladi.

Ushbu laboratoriya negizida spin-off shaklidagi korxona tashkil etish va ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish ishlari boshlangan. Bu tashabbus nafaqat talabalarga nazariy bilimlarni amaliy ko‘nikmalar bilan mustahkamlash imkonini beradi, balki institutda tadbirkorlik muhiti yaratib, o‘quv jarayonini sanoat ehtiyojlariga yaqinlashtirishga xizmat qiladi.

©️Namangan muhandislik-texnologiya instituti Axborot xizmati

Translate »