Metrologiya, standartlashtirish va sifatni boshqarish kafedrasining O’zbekiston ilmiy-sinov va sifat nazorati markazidagi filialida yosh olimlar bilan muloqot o’tkazildi.

Namangan muhandislik-texnologiya instituti rektori Odiljon Mamatkarimov va O’zbekiston ilmiy-sinov va sifat nazorati markazi Davlat muassasasi Namangan filiali rahbari Mirqosim Mirzakarimovlar O’zbekiston ilmiy-sinov va sifat nazorati markazi davlat muassasasidagi NamMTIning Metrologiya, standartlashtirish va sifatni boshqarish kafedrasi filialida yosh olimlar bilan muloqot o’tkazdilar.

Muloqot davomida mamlakatimizda ilm-fan va texnologiyani rivojlantirish, shu jumladan, metrologiya va sifat nazorati sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar hamda istiqboldagi rejalar haqida so’z yuritildi. Odiljon Mamatkarimov va Mirqosim Mirzakarimov, yosh olimlarga o’z tajribalari va bilimlarini ulashib, ularning tadqiqot faoliyatini qo’llab-quvvatlash, yangi innovatsion g’oyalar va loyihalarni amalga oshirish uchun yaratilgan imkoniyatlar haqida ma’lumot berdilar.

Shuningdek, uchrashuvda yosh olimlarning ilmiy tadqiqotlari, ularning amaliyotda qo’llanilishi va mahsulot sifatini oshirishdagi ahamiyati muhokama qilindi. Metrologiya, standartlashtirish va sifatni boshqarish kafedrasi filialida amalga oshirilayotgan loyihalar va tadqiqotlar, mamlakatimiz sanoati va iqtisodiyotini rivojlantirishda katta ahamiyatga ega ekanligi ta’kidlandi.

Muloqot davomida yosh olimlar o’zlarini qiziqtirgan savollarni berish imkoniyatiga ega bo’ldilar va ularning ilmiy faoliyatini rivojlantirishda duch kelayotgan muammolar va ularni hal etish yo’llari haqida maslahat oldilar. Bu kabi uchrashuvlar, yosh olimlarni rag’batlantirish va ularning ilmiy faoliyatini qo’llab-quvvatlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

©️Namangan muhandislik-texnologiya instituti Axborot xizmati

Translate »