Saratov davlat texnika universitetiga yuborilgan 12 nafar yoshlar Magistr darajasini olib NamMTIga qaytmoqda.

Namangan muhandislik-texnologiya instituti rektori Odiljon Mamatkarimov Saratov davlat texnika universitetida NamMTI bilan birgalikda tashkil etilgan qo’shma ta’lim 2+2 dasturida ta’lim olayotgan talabalar va maqsadli magistratura bosqichini tamomlagan yoshlar bilan uchrashdi.

Rektor talabalar bilan samimiy muloqot qilib, ilmiy ishlari va kelgusi rejalari qanday ekanligi yuzasidan savollar berdi. Shuningdek, talabalar o’zlarini qiziqtirgan savollariga institut rektoridan javob olishdi.

Uchrashuv yakunida, Odiljon Mamatkarimov, talabalarga o’qishni tugatgandan so’ng Namangan muhandislik-texnologiya institutida ilmiy faoliyatni davom ettirish bo’yicha o’z tavsiyalarini berdi. U, institutda yosh olimlar uchun yaratilgan imkoniyatlar, ilmiy tadqiqotlar olib borish uchun zarur sharoitlar va resurslar haqida batafsil ma’lumot berdi.

Bu uchrashuv talabalarga katta ilhom va motivatsiya bag’ishladi. Ular rektorning tavsiyalarini e’tiborga olib, o’zlarining ilmiy faoliyatlarini yanada rivojlantirishga harakat qilishlarini bildirdilar. NamMTI va Saratov davlat texnika universiteti o’rtasidagi qo’shma ta’lim dasturlari esa talabalarga keng imkoniyatlar eshigini ochib, ularning professional rivojlanishiga katta hissa qo’shmoqda.

Ma’lumot uchun Saratov davlat texnika universitetiga maqsadli yuborilgan 12 nafar magistrlar Avtomatika, Energetika, IT va Muhandislik texnologiyasi sohasida o’qishlarini muvaffaqiyatli yakunladilar. Yangi o’quv yilidan ular institutdagi mavjud kafedralarda ish boshlashlari rejalashtirilgan.

©Namangan muhandislik-texnologiya instituti Axborot xizmati

Translate »