Endi Namangan muhandislik-texnologiya instituti Ural Federal universiteti qoshidagi Ural ilg‘or muhandislik maktabi bilan hamkorlik qiladi

Namangan muhandislik-texnologiya instituti rektori Odiljon Mamatkarimov boshchiligidagi Muhandislik-texnologiya fakulteti professor-o’qituvchilaridan iborat delegatsiyasi Ural Federal universiteti qoshidagi Ural ilg‘or muhandislik maktabi va Ural raqamli ishlab chiqarish markazlariga tashrif buyurdi.

Ural ilg‘or muhandislik maktabi innovatsion muhandislik ta’limini rivojlantirish, ilg‘or texnologiyalarni tadbiq etish va sanoat bilan yaqindan hamkorlik qilishga qaratilgan muhim ilmiy markaz hisoblanadi. Ilg’or muhandislik-maktabning asosiy maqsadi – talabalarni zamonaviy muhandislik bilimlari bilan qurollantirish va ularni sanoat korxonalari uchun malakali mutaxassislar sifatida tayyorlashdir. Ural ilg’or muhandislik maktabida yuqori texnologik laboratoriyalar, raqamli ishlab chiqarish ustaxonalari va ilg‘or ilmiy tadqiqot markazlari mavjud.

Shuningdek, NamMTI delegatsiyasi Ural ilg‘or muhandislik maktabining zamonaviy ilmiy laboratoriyalari va raqamli ishlab chiqarish texnologiyalari bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldi va amaliyotga yo‘naltirilgan o‘quv dasturlari, innovatsion loyiha hamda startaplarni qo‘llab-quvvatlash tizimi haqida ma’lumot oldilar. Bu jarayonda ikki tomonlama tajriba almashish va hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

©Namangan muhandislik-texnologiya instituti Axborot xizmati

Translate »