O‘zbekiston Respublikasi Energetika vaziri o‘rinbosari Namangan muhandislik-texnologiya institutiga tashrif buyurdi

Namangan muhandislik-texnologiya institutida bugun muhim uchrashuv bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Respublikasi Energetika vaziri o‘rinbosari Umid Madaminov institutga tashrif buyurdi va rasmiy doiradagi muloqotda institut rektori Odiljon Mamatkarimov, ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Oybek Ergashev hamda Energetika kafedrasi professor-o‘qituvchilari bilan uchrashdi.

Uchrashuv davomida bir qator muhim masalalar muhokama qilindi. Jumladan, “Tarmoq – korxona – oliygoh” zanjirini yaratish orqali ta’lim va ishlab chiqarish o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash masalasi asosiy e’tibor markazida bo‘ldi. Bu zanjir orqali energetik kadrlarni tayyorlashda mutaxassislik fanlarini bevosita ishlab chiqarish bilan bog‘lash, nazariy bilimlarni amaliyotda qo‘llash imkoniyatlarini kengaytirish va yangi o‘quv yilidan boshlab o‘quv jarayoniga tadbiq etish rejalashtirilmoqda.

Vazir o’rinbosari institutning ilmiy va innovatsion ishlari bilan tanishar ekan, kelgusida yanada keng ko‘lamli hamkorlik qilishga tayyor ekanligini bildirdi. U, shuningdek, Energetika vazirligi va oliy ta’lim muassasi o‘rtasidagi hamkorlikning ahamiyatini ta’kidlab, bu kabi tashabbuslar orqali nafaqat ta’lim sifati oshirilishini, balki talabalarning nazariy bilimlarini amaliyotda qo‘llash imkoniyatlari kengayishini aytib o‘tdi.

Bu tashrif va uchrashuv Namangan muhandislik-texnologiya instituti va Energetika vazirligi o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishi, ta’lim va ishlab chiqarish o‘rtasidagi bog‘liqlikni yanada mustahkamlashi kutilmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, energetika sohasida malakali mutaxassislarni tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

©Namangan muhandislik-texnologiya instituti Axborot xizmati

Translate »