Namangan muhandislik-texnologiya institutida yangi o’quv yilidan boshlab muhandislik ta’limi yangi bosqichga ko’tariladi

Namangan muhandislik-texnologiya institutida Davlatimiz rahbarining muhandislik sohasida kadrlar tayyorlash tizimini yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha belgilangan vazifalarni bajarish yuzasidan brifing o‘tkazildi. Unda institut rektori Odiljon Mamatkarimov 30 dan ortiq ommaviy axborot vositalari vakillariga mazkur yo‘nalishdagi ishlar samarasi va kelgusidagi rejalar haqida batafsil ma’lumot berdi.

Brifingda qayd etilishicha, yangi o‘quv yilidan institutning muhandislik ta’lim yo‘nalishlari Portugaliyaning Portu, Malayziyaning Malaya va Belarus milliy texnika universitetlari tajribasi asosida to‘liq qayta ko‘rib chiqiladi. Ushbu jarayon ta’lim sifatini oshirish, zamonaviy talablarga mos kadrlar tayyorlash va ilmiy faoliyatni takomillashtirishga qaratilgan.

Shuningdek, korxonalar bilan hamkorlik kengaytiriladi va “Tarmoq – korxona – oliygoh” zanjiri yaratiladi. Bu esa talabalarni amaliy bilim va ko‘nikmalar bilan ta’minlash, nazariya va amaliyot o‘rtasidagi bo‘shliqni to‘ldirishga xizmat qiladi.

Institut rahbari, shuningdek, yangi o‘quv yilidan boshlab ta’lim dasturlarini optimallashtirish va ilg‘or xalqaro tajribalarni tatbiq etish orqali institutning global miqyosdagi nufuzini oshirishga intilishlari haqida ta’kidladi. Bu islohotlar mamlakatimizda muhandislik sohasida yetakchi kadrlar tayyorlashda muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi.

©Namangan muhandislik-texnologiya instituti Axborot xizmati

Translate »