AYNI DAQIQALARDA FORUMDA OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY VA O‘RTA MAXSUS TA’LIM VAZIRI ABDUQODIR TOSHQULOV O‘Z MA’RUZASI BILAN CHIQISH QILMOQDA

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulovning forumdagi nutqidan:

– Bugungi kunga qadar O‘zbekistonda Rossiyaning 15 ta yetakchi universitetlarining filiallari tashkil etilgan bo‘lib, ulardan 12 tasi 2018-2021-yillarda ochilgan. Mazkur filiallarda mamlakatimizning 6 ming nafardan ortiq talabasi tahsil olmoqda. Biz Rossiyaning yetakchi universitetlariga respublika uchun turli sohalarda malakali kadrlar tayyorlash bo‘yicha  qo‘shayotgan hissalari uchun minnatdorchilik bildiramiz.

Hozirda birgalikda kadrlarni samarali tayyorlash oliy ta’limning ko’plab ta’lim dasturlari doirasida amalga oshirilmoqda. Joriy 2021/2022-oʻquv yilida mazkur qoʻshma taʼlim dasturlari boʻyicha qabul kvotasi 4530 nafarni tashkil etdi. Bunda 2019-yilga nisbatan kvotalar hajmi sezilarli darajada 150 foizga oshganini alohida qayd etib o‘tish lozim. Bu ko‘rsatkichlar hamkorligimizning yuqori sur’ati va hajmidan dalolat beradi. Albatta, bu hamkorlikni yanada yuqori bosqichga olib chiqish uchun tomonlarimiz ajoyib istiqbolga ega.

– So‘nggi 3 yil ichida Rossiya tomoni Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga Rossiya Federatsiyasi oliy oʻquv yurtlarida federal budjet hisobidan taʼlim olishlari uchun har yili ajratiladigan grant oʻrinlarini bosqichma-bosqich oshirib bormoqda.

Kelgusi 2022/2023-oʻquv yilida Rossiya hukumati tomonidan taqdim etilgan kvotalar soni 750 oʻrinni tashkil etishi kutilmoqda, bu esa 2018-yilga nisbatan uch baravar koʻp demakdir.

Biz buni Rossiya tomonining mamlakatimiz iqtisodiyoti uchun malakali kadrlar tayyorlashga qo‘shgan salmoqli hissasi deb bilamiz.

– Hamkorligimizning istiqbolli yo‘nalishlari qatoriga ikki tomonlama diplom berish imkoniyati bilan qo‘shma ta’lim dasturlarini yaratish, shuningdek, O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlarida ma’ruzalar o‘qish uchun rossiyalik mutaxassislarni taklif etish masalalarini ham kiritish nazarda tutilgan.

Rossiya oliy o‘quv yurtlari negizida o‘qituvchilarning malakasini oshirish, qo‘shma ilmiy nashrlar, talabalar va o‘qituvchilar almashinuvi masalalari ham hamkorligimiz mavzusiga aylanadi.

Rossiya universitetlarining yuqori saviyadagi ta’lim va ilmiy salohiyatini inobatga olgan holda, biz muhandislik, tibbiyot va gumanitar sohalardan tortib,  boshqa sohalarda ham keng hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor ekanligimizni bildiramiz.

Manba: Axborot xizmati

Translate »