Ayni kunlarda Namangan shahar hokimligi, Namangan muhandislik-texnologiya instituti professor-o‘qituvchilari, tadbirkor-ishbilarmon doiralar vakillaridan iborat delegatsiya Pokistonda bo‘lib turibdi.

Namangan shahar hokimi Shavkat Abdurazzoqov boshchiligidagi delegatsiya a’zolari tashrif davomida Faysalobod shahriga bordilar.

Ma’lumot o‘rnida, Panjob viloyatida joylashgan ushbu shahar Pokistonda nufuzi jihatidan Karachi va Lahordan keyingi o‘rinda turadigan shahar hisoblanadi. Mazkur “siti”da 3 million 500 mingdan ziyod aholi istiqomat qiladi. Qayd etish joiz, Faysalobod shahri Pokistonning tekstil markazi hisoblanadi va eksportining salkam 70 foizini aynan tekstil mahsulotlari tashkil etadi.

Delegatsiyaning Faysalobod shahriga safari davomida amaliy natijaga erishildi. Ya’ni, viloyatning tekstil sohasidagi eksport salohiyatini yanada oshirish, iqtisodiyot va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari texnologiyasi sohalarida ish olib borish maqsadida Namangan muhandislik-texnologiya instituti hamda Pokiston milliy yengil sanoat universiteti o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
– Ikki tomonlama izolangan bitimimizga muvofiq, oliygohimizda Pokistondagi universitet bilan hamkorlikda O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan tekstil mahsulotlarini jahon standartlari darajasida sinovdan o‘tkazish va sertifikatsiyalash laboratoriyasi tashkil etiladi. Ikkala oliy ta’lim muassasalarining pedagoglar va talabalarining o‘zaro tajriba almashinuvi yo‘lga qo‘yamiz, – deydi Namangan muhandislik-texnologiya instiuti rektori, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi Odiljon Oxundadayevich Mamatkarimov. Shuningdek, ikki oliygoh o‘rtasida qo‘shma o‘quv dasturlari, ilmiy tadqiqot natijalarini ishlab chiqish hamda yilning oxiriga qadar Namanganga Pokistonning xalqaro ta’lim sohasida yetakchi o‘rinlarda turadigan universitetining professorlari va texnik mutaxassislar delegatsiyasi safarini uyushtirishga kelishib olindi.