Select Page

Namangan muhandislik-texnologiya instituti “Chet tillar” kafedrasi tomonidan ingliz tili o‘qituvchilari uchun hududiy seminar-trening o‘tkazildi.

Prezidentimizning xorijiy tillarni o‘rganish tizimini takomillashtirish bo‘yicha bergan topshiriqlari hamda Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 11 avgustdagi “Ta’lim muassasalarida chet tillarini o‘qitishning sifatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 610-sonli qarori ijrosi doirasida tashkillangan seminarda Namangan viloyatidagi oliy o‘quv yurtlari, kollej va litseylar, umumta’lim maktablarining chet tillar o‘qituvchilari ishtirok etdi.

Seminar-treningga Amerikadan taklif etilgan, ayni vaqtda Farg‘ona, Andijon va Namangan viloyatlaridagi oliy ta’lim muassasalarida koordinatorlik asosida ingliz tilini o‘rgatayotgan mutaxassislar Shenin Roach, Grem Deri, Keralayn Muri, Binjamin Erneysteyn spikerlik qilishdi. Tajribali tilshunoslar o‘zbekistonlik hamkasblariga chet tilini o‘rgatishning samaradorligini oshirish borasida xorijiy tajriba asosida master klass o‘tib berishdi.

Tadbir avvalida so‘zga chiqqan Namangan muhandislik-texnologiya instituti rektori, professor, Oliy Majlis Senati a’zosi Odiljon Mamatkarimov ushbu trening chet tillarni yangi innovatsion pedagogik texnologiya va metodlar asosida o‘qitish, o‘qituvchilarning xorijiy tillarni o‘rgatishdagi pedagogik mahoratini oshirishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi. Qolaversa, bugungi kunda chet tillarni o‘rganish nafaqat ijtimoiy yo‘nalishda, balki muhandislik-texnologiyalar jabhasida tahsil olayotgan talaba-yoshlar uchun zarur ekanligini qayd etdi. Chunonchi, bugungi kunda yurtimizda ishbilarmonlik muhitini oshirish, iqtisodiyot tarmoqlariga investitsiyani jalb qilishda xorijiy tillarni nechog‘lik mukammal egallash foydadan holi bo‘lmaydi.

Darvoqe, mazkur seminarni aynan Namangan muhandislik-texnologiya institutida tashkil etilgani ham bejizga emas. Boisi, ushbu ta’lim muassasasida chet tillarni innovatsion pedagogik texnologiya va uslublardan foydalangan holda o‘qitishda ilg‘or tajribalar yo‘lga qo‘yilgan.

Hozirgi kunda xorijning bir qator nufuzli universitetlari bilan professor-o‘qituvchilarning o‘zaro malaka va tajriba almashish, ilmiy tadqiqotlarni hamkorlikda bajarish bo‘yicha bir nechta hamkorlik ishlari amalga oshirildi.


Institut kafedrasi mudiri, filologiya fanlari doktori Dildora Hoshimova Yaponiya milliy ilmlar akademiyasining akademigi Edi Mano, Hindiston milliy adabiyot muzeyi professori Mansura Xaydar, Vengriya universitetining professori Dbenedek Peri, Ozarbayjon milliy ilmlar akademiyasining professori Almas Binnatova, Misr universiteti professori Magda Salah, Gumbolьd universiteti professori Inga Burk Baldauflar bilan hamkorlikda ilmiy faoliyat olib bormoqda. Institut chet tillar kafedrasining o‘qituvchilari Ma’rufjon Karimov va Sayfulbod A’zamov ayni kunlarda Hindistonning Dehli shahridagi Xalqaro menejment institutida malaka oshirmoqdalar. Mansurbek Yo‘ldoshev esa Tailandning Bangkok shahridagi dunyoning yuzdan ziyod davdatlari vakillari ishtirokida bo‘lib o‘tayotgan xalqaro tarjimonlar anjumanida qatnashmoqda.

Seminar-treningning ikkinchi qismida tilshunos mutaxassislar, xorijdan kelgan mehmonlar To‘raqo‘rg‘on tmunidagi ochiq osmon ostidagi “Axsikent” tarixiy yodgorligi bo‘ylab sayohat qilishdi.

Namangan muhandislik-texnologiya instituti matbuot xizmati.

Hamdam Mamadaliev olgan suratlar.