2018 yil 18-19 oktyabr kunlari o‘tkazilgan “Rossiya-O‘zbekiston ta’lim forumi”da P.A.Kostichev nomli Ryazan davlat agrotexnologiya universiteti va Namangan muhandislik-texnologiya instituti o‘rtasida hamkorlik shartnomasi imzolangan edi. Mazkur hamkorlik shartnomasida belgilangan tadbirlarni amalga oshirish hamda institut professor-o‘qituvchilari, tadqiqotchilari va talabalar uchun master-klass va dars mashg‘ulotlari o‘tkazish maqsadida 2019 yil 28 mart kuni Ryazan davlat agrotexnologiya universitetining o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori, texnika fanlari doktori, professor Sergey Nikolayevich Borechev tashrif buyurdi.
Tashrif doirasida S.N.Borechev ishtirokida 28 mart kuni institut rahbariyati bilan rasmiy uchrashuv o‘tkazildi. Uchrashuvda NamITI rektori, o‘quv ishlari bo‘yicha hamda ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektorlar ishtirok etdilar hamda hamkorlik shartnomasi asosida 2019 yilda amalga oshiriladigan ishlar bo‘yicha muzokara olib borildi. Bundan tashqari S.N.Borechev ishtirokida fakultetlar dekanlari, kafedralar mudirlari va yetakchi professor-o‘qituvchilar bilan o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish borasida amalga oshiriladigan ishlar bo‘yicha seminar tashkil qilindi.

Kunning ikkinchi yarmida S.N.Borechev “Texnologik mashinalar va jihozlar” ta’lim yo‘nalishlari talabalari uchun o‘zining dars mashg‘ulotlarini boshladi hamda ushbu dars mashg‘ulotlari 31 martgacha davom etdi. Dars mashg‘ulotlari “Texnologik mashinalar va jihozlar” ta’lim yo‘nalishi 3-kurs talabalari uchun “Amaliy mexanika” hamda “Yengil sanoat mahsulotlarini konstruksiyalash va texnologiyasi” ta’lim yo‘nalishi 2-kurs talabalari uchun “Texnik mexanika” fanlaridan jami 16 soat o‘tkazildi.

Ryazan davlat agrotexnologiya universiteti prorektori, professor S.N.Borechev tashrifi vaqtida ikkita oliy ta’lim muassasalarining hamkorligini har tomonlama rivojlantirish, 2019 yilda NamMTI talabalari va professor-o‘qituvchilarini stajirovkaga yuborish, Rossiya Federatsiyasi oliygohidan professor-o‘qituvchilarni NamMTI o‘quv jarayoniga jalb qilish, onlayn seminarlar va mashg‘ulotlar o‘tkazish hamda hamkorlikda o‘quv-uslubiy adabiyotlar yaratish bo‘yicha masalalar kelishib olindi.