Select Page

Yurtimizga butun tarovati, go‘zalligi bilan fasllar kelinchagi bahor kirib keldi. Tabiatda yosharish va yangilanish mavsumini boshlab beradigan bu maftunkor fasl betakror bayramlari bilan yanada fayzli, jozibali va qalbimizga yaqindir. Sizlarning barchalaringizga Navro‘zi olam muborak bo‘lsin, deya ezgu niyatlarimni izhor etaman. Zero, ozod va obod yurtga bayramlar yarashadi. Serquyosh diyorimizda Navro‘z ayyomining keng nishonlanayotgani ham buni yorqin isbotlab turibdi. «Ona tabiatni sevish va ardoqlash, hayot gultoji bo‘lgan insonni qadrlash, Vatanga muhabbat va sadoqat kabi ezgu g‘oyalarni o‘zida mujassam etgan Navro‘z xalqimizning eng qadimiy, asl milliy bayramidir. Asrlar davomida el-yurtimizning olijanob orzu-intilishlarini ifoda etib kelayotgan Navro‘z mustaqillik yillarida yangicha ma’no-mazmunga ega bo‘lib, tom ma’noda umumxalq bayramiga aylandi», – deyiladi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «2018 yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida»gi qarorida.

Navro‘zning ijtimoiy hayotimizda o‘ziga xos alohida o‘rni, ahamiyati bor. Kecha bilan kunduz tenglashib, tabiatda uyg‘onish boshlanadigan Navro‘z xalqimizning boy ma’naviy merosi bilan chambarchas bog‘lanib ketgan. Bu umumxalq bayramining uch ming yillikdan ko‘proq tarixga ega ekanligi ham SHarq xalqlarining jahon sivilizatsiyasida katta o‘rin tutganligining nishonasi sifatida qalbimizda cheksiz faxr va iftixor tuyg‘ularini uyg‘otadi. O‘zida faqat yaxshilik va ezgulik, bag‘rikenglik va insonlarvarlik g‘oyalarini mujassamlantirgan ulug‘ va qutlug‘ ayyom kunlarida bemorlar, yolg‘izlar, nogironlar holidan xabar olish, mehr-muhabbat ko‘rsatish, hovli, ko‘cha va xiyobonlarni tozalash, obodonlashtirish, bunyodkorlik ishlarini bajarish Navro‘zning ijtimoiy ahamiyatini belgilaydigan jihatlaridir. Oqsoqollar bu yilgi bahorning, Navro‘zning sharofatli kelayotganligi, yilimiz barakali bo‘lishini bashorat qilayaptilar. Ularning aytganlari kelsin, xarmonlarimiz donga to‘lsin, xalqimizning farovonligi oshaversin!

Ushbu quvonchli kunda bayram shukuhi Namangan mughandislik-texnologiya instituti “Avtomatika va energetika” fakultetida ham ko’tarinki ruxda nishonlanmoqda.

Bayram dasturi boshlanar ekan, qalblarda to’lib-toshgancha barchaga o’zining samimiy tilaklarini bildirish uchun institut rektori fizika-matematika fanlari doktori, professor O.O.Mamatkarimov so’z oldi va barchani kirib kelayotgan yangilanish, yosharish bayrami Navro’zi olam bilan tabrikladi.

Tabriklar davomi sifatida “Avtomatika va energetika” fakulteti dekani A.A.Mamaxonov institutning barcha professor-o’qituvchilarini hamda talaba yoshlarini Navro’z bayrami bilan tabrikladi.

Bayram sho’x qo’shiq va kuylarga hamda bayramona sahna ko’rinishlariga boy tarzda tashkil etildi. Dastur davomida fakultetning barcha guruhlarida e’lon qilingan tartibda bezatilgan bahoriy taomlarga munosib baho berildi va guruhlarda g’oliblar aniqlandi.

Tadbirda bayramga xos sport musobaqalari (arqon tortish, tosh ko’tarish) tashkil etildi. Institutning QVZ  oilasining “DIAMOND” jamoasi tomonidan ko’ngil ochgar badiiy chiqishlar namoyish etildi.  Iqtidorli talabalar tomonidan esa barchaga birdek bayramona kayfiyat baxsh etguchi kuy-qo’shiqlar hamda raqslar namoyish etildi.

Tadbir so’ngida barcha talabalar fakultet rahbariyati tomonidan faxriy yorliq va sovg’alar bilan munosib taqdirlandi.

Otabek Azimov