Select Page

Kitob insonlarni yaxshilikka, ezgulikka, ma’naviyat va ma’rifatli bo‘lishga chaqiruvchi muhim vositadir. Chunonchi, mamlakatimizda xalqimizni, ayniqsa, o‘sib kelayotgan yosh avlodni kitob o‘qishga qiziqtirish, kitob mutolaasini keng targ‘ib etishga davlat siyosati darajasida qaratilayotgan e’tibordan ham ayni shu maqsad o‘z ifodasini topgan.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev ta’kidlaganidek, ayni vaqtda axborot-kommunikatsiya sohasidagi yutuqlarni o‘zlashtirish bilan birga, yoshlarning kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishini oshirishga, ularni kitob bilan do‘st bo‘lishiga, aholining kitobxonlik saviyasini yanada oshirishga alohida e’tibor qaratish lozim bo‘ladi.

Bu borada Davlatimiz rahbarining 2017 yil 12 yanvardagi “Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bo‘yicha komissiya tuzish to‘g‘risidagi farmoyishi hamda 2017 yilning 13 sentyabrdagi “Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ib qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori dasturilamal bo‘lib xizmat qilmoqda.

Namangan muhandislik-texnologiya instituti kimyo-texnologiya fakulteti tomonidan 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan kitobxonlik targ‘ibotiga qaratilgan xayrli aktsiyaga qo‘l urdi. Institut muallimalari va talaba-qizlarini kitob mutolaasiga bo‘lgan qiziqishlarini oshirish, ularning ma’naviy dunyoqarashini kengaytirish “Har bir qizga bir kitob” tadbiri tashkil etildi.

Loyiha doirasida fakultetning barcha xotin-qizlariga bayram sovg‘asi sifatida o‘zbek va jahon adabiyotining buyuk namayondalari, shoir va adiblarning sara asarlaridan iborat badiiy kitoblar topshirildi.

Tadbirda institutning yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektor, tarix fanlari nomzodi, dotsent Ma’rufjon Qayumov, kimyo fanlari doktori, professor Oybek Ergashev muallima ayollar va talaba-qizlarni 8-mart bayrami bilan tabriklab, ezgu tilaklarini bildirdilar.

Institutimiz ma’muriyatining kutilmagan ezgu tashabbusidan behad xursand bo‘ldik. Inson uchun hayotda zarur bo‘ladigan katta ma’naviy oziqa bu kitobdir. Shukuhli lahzalarda xonadonimizga yangi kitoblar bilan qaytamiz, – deydi magistratura bosqichi talabasi Muxtasar Ismoilova. – Yaqinda muhtaram Yurtboshimizning viloyatimizga tashrifi chog‘ida faollar bilan o‘tkazgan yig‘ilishlarini oynai jahon orqali diqqat bilan tomosha qildik. Unda Prezidentimizning “Agar Siz farzandingizga dang‘illama uy qurib bersangiz – vaqti-soati kelib, u eskirishi mumkin. Agar eng zo‘r mashina olib bersangiz – uyam tez orada eskirishi mumkin. Agar unga moddiy boylik, pul qoldirsangiz – uyam bir kun sarf bo‘lib tugashi mumkin. Ammo dunyoda hech qachon eskirmaydigan, yo‘qolmaydigan bebaho bir boylik borki, u ham bo‘lsa, farzandingizga bergan bilim va hunardir. Lekin bilim va ma’rifatni qaerdan, nimadan olish mumkin? Avvalo, kitob degan xazinadan”, degan so‘zlaridan ta’sirlandim. Demak, biz yoshlar kitobga oshno hamisha kitobga oshno bo‘lishimiz, ilmu ma’rifatga intilishimiz lozim.

Darvoqe, hozirgi kunda institutning kimyo-texnologiya fakultetida 5 ta mutaxassislik va ta’lim yo‘nalishlarida 722 nafar talaba tahsil oladi, ularning 289 nafarini esa qizlardan iborat. Qariyib uch yuzga yaqin qizlar aktsiya doirasida yangi badiiy kitoblardan bahramand bo‘lishdi.

“Har bir qizga bir kitob” aktsiyasi institutning barcha fakulьtetlarida uyushqoqlik bilan tashkil etildi. Aktsiya doirasida institutda ishlayotgan 200 nafardan ziyod ayol professor-o‘qituvchi, xodima hamda 1036 nafar talaba qiz yangi badiiy adabiyotlarga ega bo‘ldi.