+998 69 228 76 71 niei_info@edu.uz

“O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” qonun Prezident tomonidan imzolandi.

Qonun bilan qator qonunlar va kodekslarga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. Xususan, “Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida”gi kodeks 197⁵-modda bilan to‘ldirildi.

Unga ko‘ra, ta’lim muassasalari pedagog xodimining kasbiy faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashish yoki ta’lim muassasasi pedagog xodimining xizmat vazifalarini bajarishga to‘sqinlik qilish javobgarlikka sabab bo‘lishi belgilandi.

Bunday huquqbuzarlik uchun:

  • fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining (BHMning) 5 baravaridan 7 baravarigacha (1 mln 115 ming so‘mdan 1 mln 561 ming so‘mgacha);
  • mansabdor shaxslarga esa BHMning 7 baravaridan 10 baravarigacha miqdorida (1 mln 561 ming so‘mdan 2 mln 230 ming so‘mgacha) jarima qo‘llaniladi.

Shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takroran sodir etilsa:

  • fuqarolarga BHMning 7 baravaridan 10 baravarigacha (1 mln 561 ming so‘mdan 2 mln 230 ming so‘mgacha);
  • mansabdor shaxslarga esa BHMning 10 baravaridan 15 baravarigacha miqdorida (2 mln 230 ming so‘mdan 3 mln 345 ming so‘mgacha) jarima qo‘llanishi mumkin.

Ushbu huquqbuzarlik sodir etilganda ta’lim muassasasining pedagog xodimi ma’muriy bayonnoma tuzmasdan o‘z arizasida huquqbuzarning shaxsi, huquqbuzarlik sodir etilgan joy, vaqt va uning mohiyati to‘g‘risidagi ma’lumotlarni hamda boshqa zarur bo‘lgan ma’lumotlarni ko‘rsatgan holda sudga murojaat qilish huquqiga ega.