+998 69 228 76 71 niei_info@edu.uz

Xabaringiz bor, respublika oliy ta’lim muassasalarida o’quv jarayonini uzluksizligini ta’minlash hamda talabalarning bilim olish faoliyatini masofadan turib metodik qo’llab-quvvatlash maqsadida 2020 yil 1 apreldan masofaviy ta’lim platformalari ishga tushirilgan edi. Bunday platformalar avvalom bor, imkoniyati bor talabalarga mutlaqo yangi formatdagi, ya’ni virtual muhitda talabalar va o’qituvchi auditoriyasinishakllantirish orqali o’quv jarayonini tashkil etish imkoniyatini berdi.

Buning uchun birinchi navbatda ta’lim yo’nalishlari va mutaxassisliklar o’quv rejalari asosida joriy semestrdagi fanlarning dasturlari bo’yicha o’quv resurslarini yaratishga e’tibor qaratildi, oliy ta’limda o’qitilayotgan 6102 ta fandan masofaviy ta’lim resurslari yaratildi va har bir oliy ta’lim muassasasining masofaviy o’qitish platformalariga joylashtirildi.

Ikkinchidan, barcha oliy ta’lim muassasalarining masofaviy o’qitish platformalari vazirlikning https://dist.edu.uz/yagona portaliga birlashtirildi. Bu esa oliy ta’lim muassasalarida masofaviy ta’lim sifatini ta’minlash jarayonlari monitoringini olib borish, o’quv resurslardan hamkorlikda foydalanish imkoniyatini berdi.

Ta’lim yo’nalishlari o’quv rejasidagi barcha uchun umumiy bo’lgan fanlardan videoma’ruzalar joylashtirib borildi, buning uchun telegramm ijtimoiy tarmog’ida @eduuz_online kanali ochildi va unga o’qituvchilar tomonidan yaratilgan videoma’ruzalar joylashtirildi. Barcha talabalar uchun ochiq ta’lim resurslarini yaratish maqsadida TAS-IX tamog’ida https://tube.edu.uz videoportali ishga tushirildi. Hozirgi kunga qadar ushbu videoportalga 200 dan ortiq videodars joylashtirildi.

Shuningdek, talabalarning kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish maqsadida vazirlik portali tarkibida audiokitoblar elektron kutubxonasi https://audiobook.edu.uztashkil etildi, unga zamonaviy va klassik adabiyotlar joylashtirilib borilmoqda.

Bundan tashqari, O’zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi bilan hamkorlikda 3 ta, shuningdek, Farg’ona, Surxondaryo va Samarqand viloyatlari telekanallari orqali fanlar bo’yicha teledarslar o’tkazish tizimli yo’lga qo’yildi. Jumladan,“Mening yurtim” (MY5) telekanalidaPsixologiya va Ingliz tili fanlaridan, «UzReport» telekanalidaakademik litsey o’quvchilari uchun matematika, ingliz tili, fizika, informatika, rus tili, geografiya, oila psixologiyasi, matematika ingliz tilida SAT fanlaridan, pedagogika ta’lim sohasining barcha bakalavriat ta’lim yo’nalishlari fanlaridan ZO’R TV telekanali hamkorligida teledarslar yo’lgaqo’yildi.

Yuqorida qayd etilgan ishlar talabalarimizga masofadan turib ta’lim olishlarini tashkillashtirish maqsadida juda qisqa vaqtda amalga oshirildi. Buning uchun oliy ta’lim muassasalarida professor-o’qituvchilar tomonidan tegishli o’quv resurslari yaratildi, ular o’zlarining fanlari bo’yicha avvaldan tayyorlab yurgan barcha o’quv materiallarini platformaga joylashtirdilar. Virtual muhitda ishlashni yaxshilashlari uchun “Masofaviy ta’limni tashkil etish texnologiyalari” kurslari yo’lga qo’yildi.

Oliy ta’lim muassasalari 85 ta zamonaviy server qurilmalari bilan ta’minlandi, Internet tezligini oshirish bo’yicha amaliy choralar ko’rildi. Professor-o’qituvchilar tomonidan ham masofaviy mashg’ulotlarni olib borishlariga ma’lum miqdorda moliyaviy sarf-xarajatlar bo’ldi. Hammamiz bilamiz, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va xizmatlari ma’lum mablag’larni talab etadi.

Bir so’z bilan aytganda, qisqa muddatda ham texnik jihatdan, ham dasturiy ta’minot va resurslarni shakllantirish bo’yicha katta hajmdagi ishlar amalga oshirildi. Albatta bularning zamirida kattagina moliyaviy xarajatlar turadi, dunyo tajribasida ham yangi formatdagi o’quv jarayonini tashkil etish dastlabki bosqichda kattagina resurslarni sarflashni taqozo etadi.
Zero, maqsadimiz talabalarning o’quv jarayonini metodik qo’llab-quvvatlash orqali ularni nazariy bilim olishlarini ta’minlash edi. Amaliy mashg’ulotlar ham fanlarning xususiyatlaridan kelib chiqib masofadan turib olib borildi. Masofaviy bajarish imkoni yo’q laboratoriya ishlari pandemiya tugagandan keyin o’tkazilishi rejalashtirildi. Shuningdek, turli sabablarga ko’ra masofaviy ta’lim olmagan talabalarga pandemiya tugagandan keyin o’qishlarini an’anaviy shaklda davom ettirishga va fanlarni o’zlashtirishlariga imkon berilmoqda, ya’ni bu talabalarga ham keyingi kursda o’rnatilgan muddatlarda o’qishni davom ettirishga imkoniyat yaratiladi.

Masofaviy ta’lim olish talabalar uchun karantin cheklovlari oqibatida umumiy o’qitish davri uzayib ketishini oldini olish imkonini beradi. O’qishni faqat off-line shaklda davom ettirishni xoxlovchilar uchun, karantin talablari imkon bergan davrdan tegishli semestrdan davom ettirish imkoni doim saqlanib qoladi.

Shu bilan birga, bitiruvchi kurs talabalarining o’quv jarayoni poyoniga yetish arafasida bo’lgani uchun ularga o’z vaqtida bitirishlari uchun tegishli sharoitlar yaratib berildi, on-layn himoyalar o’tkazildi. Bitiruvchilarga diplomlarini on-layn olish imkoniyati ishlab chiqildi, mamlakatimizda birinchi bor QR kodli diplomlar berila boshlandi.

Bundan tashqari, aprel oyidan boshlab oliy ta’lim muassasalarida rejalashtirilgan barcha ilmiy konferentsiyalar, seminarlar on-layn formatda o’tkazilishi yo’lga qo’yildi. Ayniqsa, talabalar o’rtasida har yili o’tkaziladigan fan olimpiadalari bu yil on-layn formatda amalga oshirilishi talabalarimizga ma’qul keldi.

Shunisi quvonarliki, 2019-2020 o’quv yilining ikkinchi semestrida ushbu tizimlardagi 113 ta oliy ta’lim muassasasining ta’lim resurslaridan foydalanish uchun 417816nafar talaba va 29 030nafar professor-o’qituvchi ro’yxatdan o’tib, tegishli faoliyatlarini masofaviy ta’lim platformasida olib bordilar. Boshqacha qilib aytganda, texnik jihatdan imkoniyati bor va xoxlovchi talabalarga masofadan o’qish imkoniyatlari berildi. Albatta, bu bizning ta’lim tizimimizda o’ziga xos yangilik bo’ldi, shu nuqtai nazardan ta’lim sifatini ta’minlashda kamchiliklar ham bo’lgan, chunki har qanday yangilikni kiritish doim qiyinchiliklarga uchrab kelgan.

E’tibor bersangiz, rivojlangan davlatlarda ham dastlab masofaviy ta’lim asosan laboratoriya ishlari, amaliy mashg’ulotlar kam ta’lim yo’nalishlarida amalga oshirildi. Masofaviy ta’lim sifatini ta’minlash uchun, ham oliy ta’lim muassasalari, ham professor- o’qituvchilar, ham talabalar, ham aloqa kanallari birdek tayyor bo’lishlari lozim. Lekin, avvaldan ta’lim sohasiga masofaviy o’qitish elementlarini kiritib borishga yo’naltirilgan maqsadli faoliyat pandemiya tufayli ushbu ishlarni tezlashtirishni taqozo etdi. Muhimi yo’nalish to’g’ri belgilangani, ta’lim muassasalarida xato qilishdan qo’rqmaslik ma’lum darajada yangi formatdagi o’quv jarayonini boshlashni ta’minladi. Bugungi kunda oliy ta’lim muassasalarida yangi o’quv yilidan kredit-modul` tizimini joriy etishga tegishli tayyorgarlik ishlari amalga oshirilmoqda. Xo’sh bu tizim nima beradi? Avvalombor yangi tizim talabalarni ko’proq mustaqil ta’lim olishlarini talab etadi. Mustaqil ta’lim faqatgina darslik yoki o’quv qo’llanmadan foydalanib tayyorlanishni emas, balki ko’plab axborot manbalaridan foydalanishni taqozo etadi.

Bugungi kunda ta’lim paradigmasi o’zgarmoqda, yetakchi xorijiy universitetlar ham, variativ (gibrid shakl) ta’lim traektoriyalarini, masofaviy kurslarni,o’qitish texnologiyalarini tobora keng joriy etishmoqda. Pandemiya sharoitlarida bizning oliy ta’lim muassasalari ham ma’lum ma’noda dastlabki tajribani to’plashdi.

Endilikda muhimi talabalarimizda ham masofadan ta’lim olish madaniyatini yuksaltirishimiz ustida ishlashimiz lozim. Keyingi paytlarda ijtimoiy tarmoqlardagi turli sahifalar, kanallar va guruhlar orqali masofaviy ta’lim olishga taalluqli savol-javoblar, mulohazalar va izohlar kabi yozishmalar soni ortib bormoqda. Bu fikr mulohazalarning ayrimlariga qo’shilish ham mumkin, qo’shilmaslik ham mumkin. Muhimi talabalarimiz ular uchun yaratilayotgan imkoniyatlardan samarali foydalanishlari, o’zlari bilim olish uchun tinmay bilim izlashlari, qolaversa yetuk mutaxassis bo’lishlari uchun faqatgina fanlarni o’zlashtirishlari yetarli emasligi, doimiy o’z ustida ishlashlari lozimligini yaxshi uqishlari shart. Buning uchun barcha
oliy ta’lim muassasalarida yetarli sharoitlar yaratib berish uchun zarur harakatlar qilinmoqda.