26 iyunь Xalqaro giyohvandlikkv qarshi kurashish kuni.


Insoniyat tarraqiyotning yangi-yangi cho‘qqilarini zabt etmoqda. Biroq jahonda xalqlar, millatlar kelajagiga tahdid tug‘diruvchi bir qancha omillar hamon saqlanib qolmoqda. Ana shunday xatarlardan biri giyohvandlik balosidir. Global muammoga aylangan ushbu illatga qarshi kurashishda davlatlararo hamkorlik muhim ahamiyat kasb etadi. Giyohvandlik insoniyatni jismoniy va ruhiy jihatdan tubanlikka eltuvchi, aqlidrokdan mahrum etib, ikki dunyo xorligiga etaklovchi ofatdir. Giyohvand moddalar insonni ayni kuch-quvvatga to‘lgan davrida alkogolga nisbatan 4-6 barobar tezroq halokatga uchratadi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 1987 yil 7 dekabrdagi qaroriga asosan, 26 iyunь «Xalqaro giyohvandlikka qarshi kurash kuni» deb e’lon qilingan. Shuningdek, BMT tomonidan “Narkotik moddalar to‘g‘risida”gi, “Psixotrop moddalar” hamda “Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi qurash to‘g‘risida”gi konventsiyalar qabul qilingan. O‘zbekiston Respublikasining “Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar to‘g‘risida” Qonuni qabul qilingan.
Qora ajal
Afsuski, giyohvandlik kasaliga mubtalo bo‘lganlar soni yildan yilga oshmoqda. BMT ma’lumotlarga ko‘ra, dunyoda 200 milliondan ortiq kishi (boshqa statistikaga ko‘ra 500 million) giyohvandlik dardiga yo‘liqqan. Uning aksariyat qismini 30 yoshgacha bo‘lganlar tashkil etadi. Qora ajal oqibatida har yili 200 mingdan ortiq kishi hayotdan ko‘z yummoqda. Dunyoda sodir etilayotgan jinoyatlarning 57 foizi giyohvandlar hissasiga to‘g‘ri keladi.
Giyohvandlik bosqichlari
Mutaxassislarning fikrlariga ko‘ra, giyohvand moddalar iste’mol qilingandan so‘ng narkotik sarxushlik holati yuzaga keladi. Bunda yuqori kayfiyat, ko‘p kulish, telbalik, diqqat chalg‘ishi, lanjlik, harakat muvofiqligining buzilishi, qadam tashlashning o‘zgaruvchanligi namoyon bo‘ladi. Ba’zida beg‘amlik, xayolparastlik, badjahllik, jizzakilik, tajovuzkorlik kuzatiladi. Teri qoplami qizaradi, ko‘z xiralashadi va kengayadi. Ushbu belgilar giyohvandlikka moyillikning
1-bosqichi bo‘lib, bunda narkotik moddaga ruhiy moyillik paydo bo‘ladi, organizmning himoya jarayoni susayadi.
2-bosqichda giyohvand narkotik moddaga engib bo‘lmas darajadagi hirs qo‘yadi, organizm narkotik ta’siri ostida qolib, jismoniy qaramlik yuzaga keladi.
3-bosqichda organizm narkotik moddalarga qarshi kurasholmay qoladi, bemorlarda giyohvand moddalarsiz yashay olmaslik xususiyatlari paydo bo‘ladi. Kuchli og‘riq kuzatilib, narkotikka butkul qaramlik yuzaga keladi. Narkomaniya inson ruhiyatini og‘ir tarzda organizmning holdan toyishidan, preparat dozasini tasodifan oshirishdan, tekshirilmagan moddani qabul qilishdan, ukoldan zararlanishdan, depressiv holatdan o‘lib qolishi mumkin. Narkoman bo‘lib qolgan kishi boshqa hech narsaga qiziqmay qo‘yadi, kuch-quvvatdan qolib, mehnat qobiliyatini yo‘qotadi.
Narkomaniya turlari

  1. Opiyning kimyoviy hosilasi — geroin narkomaniyasi. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, inson hayotiga eng katta xavf soluvchi ushbu og‘u ta’siriga dunyo bo‘ylab 10 million kishi duchor bo‘lgan. Organizmga geroin moddasi tushganda odamning ongi xiralashadi, his-tuyg‘ulari keskin ravishda o‘zgaradi, fikrlari chalkashib ketadi, ko‘ziga har xil qo‘rqinchli narsalar ko‘rinadi, qo‘rqadi, turli harakatlar qiladi, atrofdagi kishilarga hujum qilib, ularga tashlanadi. Ana shu alomatlar zaminida jinsiy mayl yo‘qoladi va mijoz keskin susayadi.
  2. Nasha moddalarini iste’mol qilishdan kelib chiqadigan giyohvandlik. Narkotik moddalarning ushbu guruhiga nashaning turli navlaridan olinadigan saqichsimon moddalar — marixuana, anasha, bang, xusus, xaras kiradi. Nashavandlik ortidan maishiy buzuqlik va aql idrokning kamayishi yuzaga keladi. Narkotik moddani ko‘p qabul qilganda odamning ko‘ziga narsalar katta bo‘lib ko‘rinadi, ranglar yorqinroqqa o‘xshaydi. Nashani muntazam ravishda surunkali chekib yurganda kishi shaxsiyati shunchalik o‘zgarib ketadiki, u besaranjom, loqayd, lapashang va odamovi, boshqalarga aralashmaydigan bo‘lib qoladi. Bemorda psixozlar paydo bo‘ladiki, bu holatni shizofreniyadan ajratib bo‘lmaydi.
  3. Kokain narkomaniyasi. Janubiy Amerikada o‘suvchi koka o‘simlik bargidan tayyorlanadigan ushbu modda iste’mol qilinganda darmonsizlik, jahldorlik, mushaklar bo‘shashuvi va titroq holatlari kuzatiladi. Kokain iste’mol qilish vahimali-depressiv holatga olib keladi. Kokaindan zaharlanganda ko‘pincha psixozlar, gallyutsinatsiyalar paydo bo‘ladi. Kokainni tez-tez iste’mol qilib turganda odam organizmi nihoyatda holdan toyadi, kishi ozib ketadi, uni uyqusizlik qiynaydi, xotirasi susayadi.
  4. Ruhiy holatni qo‘zg‘otuvchi, gallyutsinogenlar keltirib chiqaruvchi moddalar iste’moli. Bunday bemorlarda depressiya holatlari kuzatiladi.
    Giyohvandlik asoratlari
  5. Iqtisodiy asoratlar: katta pul sarflanishi, daromadlarning yo‘qolishi, ishni yo‘qotish, qarzga botish, talonchilik va tilanchilik.
  6. Ma’naviy asoratlar: oilalarning buzilishi, befarqlik, tushkunlik, norozilik, xudbinlik, mahdudlik.
  7. Jinoiy asoratlar: o‘g‘rilik, bosqinchilik, odam o‘ldirish, urush va terror.
    Giyohvandlikning tibbiy asoratlari
  • odamning ongi xiralashadi, his-tuyg‘ulari keskin ravishda o‘zgaradi, fikrlari chalkashib ketadi;
  • ko‘ziga har xil qo‘rqinchli narsalar ko‘rinadi, qattiq qo‘rqadi;
  • jinsiy mayl yo‘qoladi va mijoz keskin susayadi;
  • giyohvand moddalarni in’ektsiya yo‘li orqali qabul qilinishi oqibatida OITS bilan kasallanish darajasi ortadi (OITS kasalligiga chalinganlarning 80 foizdan ko‘pini giyohvandlar tashkil qiladi);
  • homiladorlik davrida narkotik moddani iste’mol qilgan ayollardan dunyoga kelgan bolalar juda bezovta bo‘ladi, tirishadi, ko‘p esnaydi, ichi ketadi, nafas olishga qiynaladi (bunday chaqaloqlar odatda hayotining 2—3-kuni nobud bo‘ladi), chaqaloq falaj bo‘lib tug‘iladi;
  • ko‘z qorachig‘i kengayadi, shilliq pardalari quruqshaydi, yurak tez uradi, muskul tonusi ortadi va qon bosimi ko‘tariladi; — narkoman narkotik modda topolmasa, kasal bo‘lib qoladi, noxush sezgilar paydo bo‘ladi:
    -so‘lagi va ko‘zidan yosh oqadi, tumov bo‘ladi, aksiradi, terlaydi, titrab-qaqshaydi, muskullari zo‘riqadi;
  • me’da-ichak ishi buziladi, tirishib, tutqanoq tutadi va hatto og‘ir psixoz boshlanadi;
  • og‘iz bo‘shlig‘i, til qizilo‘ngach, o‘pka saratoni, yurak, qon-tomir, nafas olish, oshqozonichak, jinsiy kasalliklarga olib keladi.

NaMTI Yoshlar bilan ishlash,
ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi.