Bakalavriatga qabul

Respublika oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatiga qabul qilish Vazirlar Mahkamasining 2017- yil 20- iyundagi 393-son qarori bilan tasdiqlangan Oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatiga talabalarni o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi Nizomga muvofiq amalga oshiriladi.

Oliy ta’lim muassasalarining kunduzgi, sirtqi, maxsus sirtqi va kechki (smenali) ta’lim shakllariga talabalarni qabul qilish O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasi (keyingi o‘rinlarda Davlat komissiyasi deb ataladi) tomonidan kirish imtihonlari (test sinovlari, kasbiy (ijodiy) imtihon, yozma imtihon) natijalariga ko‘ra to‘plangan ballarning reyting tizimi bo‘yicha amalga oshiriladi.

Oliy ta’lim muassasalariga qabul barcha uchun (ham grantlar, ham to‘lov-kontrakt bo‘yicha) teng huquqlilik, yagona qabul qoidalari va yagona tanlov asosida amalga oshirilib, test sinovlarida eng yuqori ball to‘plagan abiturientlarning davlat grantlari bo‘yicha birinchi navbatda qabul qilinish huquqi ta’minlanadi. Qolgan abiturientlar test ballari reytingi asosida belgilangan to‘lov-kontrakt kvotalari doirasida qabul qilinish huquqiga egadirlar.

Test sinovlarini o‘tkazish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi (keyingi o‘rinlarda Davlat test markazi deb ataladi) tomonidan amalga oshiriladi.

Test sinovlari uch tilda — o‘zbek, rus, Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududidagi oliy ta’lim muassasalarida qoraqalpoq tillarida o‘tkaziladi.

Abiturientlarning o‘qishga qabul qilish haqidagi arizalari oliy ta’lim muassasalari qabul komissiyalari tomonidan 20 iyundan 20 iyulgacha (shu kuni ham), O‘zbekiston davlat konservatoriyasi uchun 15 iyundan 10 iyulgacha (shu kuni ham) qabul qilinadi.

Abiturient oliy ta’lim muassasasi qabul komissiyasiga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:

  • ta’lim yo‘nalishi, o‘quv tili, shakli ko‘rsatilgan holdagi ariza (arizada oliy ta’lim muassasasini tugatganligi yoki oliy ma’lumoti yo‘qligi, qaysi chet tilidan test topshirishi, harbiy tavsiyanomaga ega bo‘lganlar uning raqamini va tanlangan ikkinchi oliy ta’lim muassasasi, ta’lim yo‘nalishini ko‘rsatishlari hamda test sinovlarini o‘tkazish qoidalari va javoblar varaqalarini to‘g‘ri to‘ldirish bilan tanishganligi ko‘rsatiladi);
  • umumiy o‘rta ta’limni (11-sinf negizida) tugatganligi haqidagi hujjat yoki o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasasini tugatganligi haqidagi hujjat va uning ilovasi asl nusxalari;
  • pasport (16 yoshga to‘lmaganlar uchun tug‘ilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma)ning nusxasi;
  • o‘qishga kirishda imtiyoz beruvchi tegishli hujjat (agar mavjud bo‘lsa).

Oliy ta’limning ayrim yo‘nalishlari bo‘yicha test sinovlari bilan bir qatorda qo‘shimcha kasbiy (ijodiy) imtihonlar o‘tkaziladi.

Kasbiy (ijodiy) imtihonlar test sinovlari o‘tkazilishiga qadar 11 iyuldan 20 iyulgacha, test majmualarida fanning o‘rniga qarab uning uchun nazarda tutilgan eng ko‘p ballning 0 dan 100 foizigacha bo‘lgan oraliqda yagona ko‘p balli baholash tizimi bo‘yicha amalga oshiriladi.

Test sinovlari kunduzgi, sirtqi, maxsus sirtqi va kechki (smenali) ta’lim shakli uchun har yili 1 avgustdan 15 avgustgacha bo‘lgan muddatda, qoida tariqasida, kuniga ikki smenada o‘tkaziladi.

Abiturientlarning talabalikka tavsiya etilgan yoki etilmagani to‘g‘risida belgilangan tartibda tasdiqlangan test sinovlari natijalari test sinovi o‘tkazilgan kunning ertasiga Davlat test markazining rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi.

Raqamli ta’lim texnologiyalari markazi | NamMTI

Translate »