Endi oliy taʼlim muassasalarining voleybol terma jamoalariga alohida eʼtibor qaratiladi

Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri – Oʻzbekiston voleybol federatsiyasi rahbari Abduqodir Toshqulov Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi xizmat safari davomida bosh murabbiy Azat Kazakov boshchiligidagi Nukus davlat pedagogika institutining qizlar voleybol jamoasi aʼzolari bilan uchrashdi.

Unda A.Toshqulov respublikamizda voleybolni ommalashtirish, respublika hamda xalqaro musobaqalarda yurtimiz sharafini munosib himoya qila oladigan sportchilarni yetishtirishda mazkur oʻquv yurtining, jumladan, sport faxriysi Azat Kazakovning alohida oʻrni bor ekanligini taʼkidlab, sportchilarga qoʻshimcha imkoniyatlar yaratilishini maʼlum qildi. 

Uchrashuv davomida voleybol federatsiyasi rahbari voleybolchi qizlarga sport kiyim boshlari, sumkalar hamda zarur sport anjomlaridan iborat sovgʻalarni topshirdi.

Oʻz oʻrnida, sportchilar hamda bosh murabbiy A.Kazakov koʻrsatilayotgan mana shunday eʼtibor uchun minnatdorlik bildirib, kelgusi musobaqalarda yuqori natijalarga erishish uchun bor imkoniyatlarini safarbar qilishlarini taʼkidlashdi.

Maʼlumot uchun, voleybol boʻyicha Nukus davlat pedagogika instituti qizlar jamoasi 2007 hamda 2020-yillarda oʻtkazilgan «Universiada» sport musobaqalarida shohsupaning eng yuqori pallasidan joy olgan boʻlsa, soʻnggi yillarda Oʻzbekiston chempionati, Oʻzbekiston kubogi hamda superkubok musobaqalarida muntazam ishtirok etib, yuqori oʻrinlarni egallab kelmoqda. Oʻtgan 2021-yilda qoraqalpogʻistonlik voleybolchi qizlar Oʻzbekiston kubogi hamda superkubogini qoʻlga kiritib, mutlaq chempionlikni tantana qilgan edi.

Institut terma jamoasi aʼzolari A.Joldasbayeva, N.Reyimbayeva va U.Turgʻanbayevalar voleybol boʻyicha Oʻzbekiston qizlar jamoasi aʼzolari hisoblanib, jamoa tarkibida 2021-yilning dekabr oyida Bangladeshning Dakka shahrida boʻlib oʻtgan «Challenge CUP» xalqaro turnirida 2-oʻrinni qoʻlga kiritdi. Jamoa bosh murabbiyi, sport faxriysi Azat Kazakov ham mazkur xalqaro turnirda jamoa murabbiylar shtabida faoliyat olib borib, ushbu natijani qoʻlga kiritishga munosib hissa qoʻshdi. 

Qoraqalpogʻistonlik voleybolchi qizlarning bu yildagi muvaffaqiyatlari ham davom etmoqda. Shu yilning fevral oyida Namangan shahrida boʻlib oʻtgan XXIX Oʻzbekiston chempionatining birinchi turida Nukus DPI voleybolchi qizlari raqibalariga hech qanday imkoniyat qoldirmay, yaqqol peshqadamga aylandi.

Translate »